Aholi xonadonlariga is gazini aniqlaydigan gazoanalizatorlar o‘rnatiladi
Jamiyat
−
19 yanvar 2021 4262 2 daqiqa
Yong‘in xavfsizligini ta’minlash tizimining samaradorligini tubdan oshirish uchun aholi xonadonlarida is gazidan erta ogohlantiruvchi gazoanalizatorlar o‘rnatiladi. Bu haqda Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida aytilgan.
Mazkur band ijrosi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori tayyorlanadi. Loyihada:
• yong‘in xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimini joriy etish, sohaning moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini tubdan mustahkamlash;
• aholi xonadonlarini metan, propan va is gazini barvaqt aniqlaydigan, xabar beradigan va gazni tarmoqdan klapan orqali uzib qo‘yadigan gazoanalizatorlar bilan ta’minlashni tashkil etish;
• yangi turar joy majmualari qurilgan, ma’muriy markazdan uzoqda joylashgan hamda yong‘inlarni tezkor bartaraf etish imkoniyati cheklangan hududlarda qo‘shimcha ajratiladigan shtat birliklari hisobiga yong‘in-qutqaruv qismlari (postlari)ni tashkil etish;
• yong‘in xavfsizligini ta’minlash tizimining samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash;
• yong‘in-qutqaruv sportini rivojlantirish va ommalashtirish nazarda tutiladi.
Bajarish muddati – 2021 yil 1 mart, ijro uchun mas’ul idoralar – Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Energetika vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari