800 dan ortiq kishini mashina olib berish bilan aldagan guruh qo‘lga olindi

3-sahifa

image

O‘zbekistonning turli hududlarida faoliyat yuritgan va past foizda avtomashina yetkazib berishni va’da qilib, fuqarolardan kelib tushgan mablag‘larni o‘zlashtirib yuborgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, bir guruh fuqarolar past foizda (6-12 foiz) avtomashina sotib olish niyatidagi fuqarolarga istalgan turdagi avtomashinani yetkazishi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot olib borgan. Shuningdek, ushbu fuqarolar Toshkent shahri va respublikaning turli nuqtalarida (Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Nukus shahrida) “Umid avto companies”, “Umid Savdo Fayz Invest”, “Umid Avto Lizing”, “Umid Auto”, “Group Of Companies Ual”, “Umid Avto-Tashkent”, “Orient Auto”, “Umid Lizing Tashkent”, “Orient Avto-Lizing”, “Umid Auto Leasing”, “Group Of Orient Auto”, “Imkon Auto Xizmati”, “Umid Avto Companies”, “Busines Orientauto”, “Umid Auto Xizmati”, “Orient Auto Hamkor”, “Imkon Avto Markaz”, “Avtovariant”, “Ava Orientauto”, “Ava Umidavto”, “Avto Ijara Hizmati”, “Umid Auto Business Toshkent”, “Orient Auto Leasing”, “Orient Auto Toshkent”, “Ilgor Lizing” va “Orient Finans Lizing” kabi MCHJlarni tashkil etib, mijozlar bilan dastlab bo‘nak (avans) shartnomalarini tuzgan holda, 120 kun mobaynida avtomashina yetkazilishini va’da qilib, shartnoma shartlarini bajarmasdan, fuqarolardan kelib tushgan mablag‘larni o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a”,“v” bandlari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 843 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgan bo‘lib, umumiy 50,1 mlrd so‘m zarar aniqlangan. Jamiyatlarga tegishli 339 dona transport vositalari xatlangan. Ishga aloqador 9 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qayd etilishicha, hozirda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov boshchiligida tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda maxsus tezkor shtab tuzilgan bo‘lib, IIV Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti binosida har kuni soat 09:00 dan 21:00 ga qadar ish olib borilmoqda.

Suratdagi shaxslarning jinoiy faoliyatidan xabardor bo‘lgan, shuningdek, yuqoridagi MCHJlarning noqonuniy faoliyatidan jabrlangan fuqarolardan Tezkor shtabga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishlari mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik mashina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing