45 yoshli cho‘pon sher changalidan tirik chiqdi (video)
Olam
−
09 iyul 11036 2 daqiqa
Hindistonning Gujarat shtatida sher hujum qilgan cho‘pon mo‘’jizaviy tarzda omon qoldi. Erkak qariyb 30 daqiqa davomida yirtqich changalida turgan bo‘lsa-da, o‘zini yo‘qotmasdan harakat qilib, hayotini saqlab qolgan. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa Gujarat shtatidagi Garajiya qishlog‘i, Palitana hududida sodir bo‘lgan. 45 yoshli Kalu Parmar ismli cho‘pon ertalab sigirlarini boqish uchun chiqqan paytda sher unga tashlangan. Yirtqich uni yerga ag‘darib, tanasi ustida qariyb yarim soat ushlab turgan.
Guvohlarning aytishicha, sher cho‘ponni bir necha bor qo‘zg‘atgan bo‘lsa-da, u vahimaga tushmasdan jim yotgan. Ayrim xabarlarda Parmar sherni tinchlantirish uchun uni silagani aytilgan. Odamlar hayvonni haydash uchun baqirgan va tosh otgan.
“Men sigirimni bog‘lab, hovlida turgan edim. Uyga kirish uchun burilishim bilan orqamdan bir narsa menga urildi. Nima bo‘lganini tushunishga ulgurmasdan yerga yiqildim. Bu sher ekanligini anglashim uchun bir necha soniya kerak bo‘ldi”, deydi u.
Tarmoqlarda tarqalgan videolarda sherning yerda yotgan erkakni bosib turgani aks etgan. Keyinroq cho‘pon qutqarilib, shifoxonaga olib borilgan. Uning tanasida jarohatlar bo‘lgan, ammo hayoti saqlab qolingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda odamlar va Osiyo sherlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar so‘nggi vaqtlarda ko‘paygan. Rasmiylar mazkur holat bo‘yicha tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘arbiy Avstraliyaning Pert shahri yaqinidagi mashhur dayving va baliq ovlash hududida 38 yoshli erkak oq akula hujumi oqibatida vafot etgandi.
Live
Barchasi