4 yoshli bola tarvuzdan zaharlanib vafot etdi. Ota shifokorlardan norozi
3-sahifa
−
22 avgust 2025 11598 3 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 16 avgust kuni Toshkent shahridagi 4-son Shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida 4 yoshli bolaning vafot etganiga doir xabarlar tarqaldi. Unda marhumning otasi farzandiga shifokorlar bee’tibor bo‘lganligini aytgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 15 avgust kuni soat 08:30 da 2021 yilda tug‘ilgan Z.A. ota-onasi tomonidan 4-son Shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga ketma-ket qayt qilish, tana haroratining ko‘tarilishi, ich ketishi, holsizlik va qorin og‘rig‘i shikoyatlari bilan olib borilgan. Bemorning onasidan shu zahoti epidemiologik anamnez yig‘ilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, oilaning 3 nafar farzandida uyda tarvuz iste’mol qilinganidan so‘ng ketma-ket qayt qilish, ich ketish, tana harorati ko‘tarilishi belgilari kuzatilgan. Uchala bemor yuqorida nomi keltirilgan shifoxonaga yotqizilgan.
Aynan Z.A.da qayt qilish kuchli shaklda kechgan, shuningdek, ichning suyuq ketishi va tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi hamda qorin og‘rig‘i kuzatilgan. Unga “o‘tkir ichak infeksiyasi, gastroenterokolit turi. Asorati: toksikoz-eksikoz 1-2 daraja” tashxisi qo‘yilgan.
Bola shifoxonaga keltirilishi bilan umumiy va bioximik qon, najas va siydik umumiy tahlillari qilingan. Bakteriologik ekma olingan va qorin bo‘shlig‘i ultratovush tekshiruvidan o‘tkazilgan. Suvsizlanishni (tana harorati balandligi, ketma-ket qayt qilish alomatlari) inobatga olgan holda davolash rejasi tuzilgan. Shu asosda suvsizlanishni bartaraf etish uchun tomir ichiga suyuqlik yuborish muolajasi o‘tkazilgan va antibiotik (etiotrop) terapiya boshlab yuborilgan.
Ana shu sa’y-harakat natijasida 1 sutka davomida bolada tana harorati 37,7 darajada bo‘lgan, ich ketish kamaygan, qayt qilish va ko‘ngil aynish belgilari esa saqlanib qolgan. Bola davolovchi bo‘lim shifokori nazoratida bo‘lib, tibbiyot xodimlari tomonidan konsilium o‘tkazilgan hamda qo‘shimcha davolash rejasi belgilangan.
Bildirilishicha, bemor soat 20:40 va 23:00 da navbatchi shifokor tomonidan tekshirilgan. Ko‘rik vaqtida qusish 4-5 marta davom etgani va tana harorati 37,7 bo‘lgani, suvsizlanish belgisi saqlangani kuzatilgan. Suvsizlanish kuchayishining oldini olish uchun tomir ichiga suyuqlik va qusishga qarshi dori vositasi yuborilgan. Onasi tungi soat 01:50 da navbatchi hamshiraga bolani ko‘rsatgan. Hamshira bemor ahvolini ko‘rishi bilan uni reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazgan. U yerda 40 daqiqa davomida reanimatsiya shifokori, navbatchi shifokor va tibbiyot xodimlari tomonidan reanimatsion tadbirlar bajarilgan. Yuqori nafas yo‘li elektrootsos yordamida tozalangan (elektrootsos ishlashi uchun, ya’ni manfiy bosim hosil qilish uchun elektrootsos apparati ichiga 1-2 litr suv quyiladi), ambu qopchasi yordamida nafas berilgan, bilvosita yurak yopiq massaji o‘tkazilgan, kerakli shoshilinch tez yordam dori vositalari yuborilgan.
Ko‘rilgan tezkor reanimatsion tadbirlarga qaramay, bolada soat 02:30 da biologik o‘lim qayd etilgan. Tashxis: “O‘tkir yuqumli ichak kasalligi, gastroenterokolit turi. Aspiratsion sindrom”. Bola Respublika sud-tibbiy ekspertizasiga yuborilgan va ushbu muassasaning dastlabki tashxisi ma’lum qilingan: “o‘pka-yurak yetishmovchiligining boshqa turlari, A09 ichak infeksiyasi bilan bog‘liq, deb taxmin qilingan diareya va gastroenterit”.
Bildirilishicha, hozirgi vaqtda Z.A.ning o‘limi bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. Mazkur tekshiruv va Respublika sud-tibbiy ekspertizasining yakuniy xulosasidan so‘ng bolaning o‘limi yuzasidan yakuniy ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida burun operatsiyasiga kirgan 16 yoshli qiz shifoxonada vafot etgandi. Marhumaning onasi shifokorlar qizining yuragi operatsiyani ko‘tara olmagini aytganini, lekin farzandining sog‘lom bo‘lganini bildirgan. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Live
Barchasi