113 yillik konyak va fransuzcha menyu. Trampni inglizlar nimalar bilan siyladi?

Olam

image

Britaniya qirollik oilasi AQSH Prezidenti Donald Trampda unutilmas taassurot qoldirish uchun juda katta harakat qildi va 17 sentyabr kuni uning sharafiga davlat banketi uyushtirdi.

Banket Vindzor qasridagi avliyo Jorj zalida bo‘lib o‘tdi. Uning ichki ko‘rinishi bir vaqtning o‘zida ham o‘rta asrlar to‘y-hashamlarini, ham “Garri Potter” filmini eslatardi.

Davlat banketi – bu hashamatli dasturxon orqali diplomatiya. Davlat tashrifining tomoshabop kulminatsiyasi – oltin va kristall jilosi ostida nutqlar, shohona tostlari, fanfarlar va nozik taomlar bilan to‘lgan tantana. Nozik formadagi personal go‘yo paraddagi askarlardek bezakli va intizomli. Idish-tovoqlar millimetrgacha hisoblangan holda, lineyka bo‘yicha joylashtirilgan. Jami 160 nafar mehmon uchun 1452 ta idish-tovoq, har bir mehmon uchun esa beshta bokal va fujer qo‘shib hisoblangan.

Tramp tashrifini nishonlash uchun o‘tkazilgan banketda mehmonlarga fransuzcha menyudan taomlar tortildi, ular quyidagilar edi:

  • Xampshir kres-salatidan tayyorlangan panna-kotta, parmezan pishlog‘idan pechene bedana tuxumlari salati bilan;
  • Norfolk jo‘jasi va sukkinidan tayyorlangan rulet timyanli yorqin sous bilan;
  • Kent malinasidan tayyorlangan sharbat qo‘shimchasi va yengil pishirilgan “Viktoriya” navli olxo‘ri bilan vanilli muzqaymoq.

Mehmonlarga ajoyib vino tanlovi ham taklif qilindi:

  • Wiston Estate, Cuvée 2016 yil;
  • Domaine Bonneau de Martray, Corton-Charlemagne, Grand Cru 2018 yil;
  • Ridge Vineyards, Monte Bello, 2000 yil;
  • Pol Roger, Extra Cuvée de Réserve, 1998 yil.

Kechki ovqatdan keyingi ichimliklar ro‘yxati esa ramziy ma’nolarga boy edi. Unda 1945 yilgi portveyn bor edi – bu Trampning AQSHning 45-prezidenti sifatidagi maqomini anglatardi. Garchi Trampning o‘zi umuman ichmasa-da.

Shuningdek, 1912 yilgi konyak ham bor edi – bu Donald Trampning onasi Meri Enn Maklaud tug‘ilgan yil, u Shotlandiyaning Lyuis orolidagi qishloqda dunyoga kelgan.

Shu ramzlar qatorida “Transatlantik” nomli kokteyl ham bor edi – u Johnnie Walker viskisi asosida tayyorlanib, pekan yong‘og‘idan tayyorlangan kremli pechene va britancha marshmellou zefiri bilan tortiladi.

Musiqa va kino yulduzlari o‘rniga biznes yulduzlari

Vindzordagi banketda odatdagi ijtimoiy hayot va kino ekranlaridan tanish bo‘lgan mashhur yulduzlar yo‘q edi. Hatto qirollik tadbirlarining doimiy mehmonlari bo‘lgan ser Devid Bekxem va ser Elton Jon ham kelmadi.

Bu safar avliyo Jorj zali siyosatchilar hamda biznes yulduzlari bilan to‘ldi.

Apple kompaniyasi rahbari Tim Kuk prezidentning qizi Tiffani Tramp yonida o‘tirdi. Gazeta magnati Rupert Myordok esa Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning apparati rahbari Morgan Maksuini yonidan joy oldi. Qizig‘i shundaki, yaqinda Tramp Myordok konserniga milliard dollarlik da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgandi. Myordok Maksuini bilan nima haqida suhbatlashgani qiziq.

Har bir mehmonga aniq joy ajratilgan bo‘lib, unda shaxsiy ismi yozilgan tablicha qo‘yilgan edi.

Qadrli mehmon Donald Tramp qirol Charlz va Uels malikasi Ketrin orasida, markazda o‘tirdi.

Trampning o‘rniga qo‘yilgan tablichada “Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti” degan yozuv bor edi. U katta harflar bilan yozilgandi – xuddi Tramp ijtimoiy tarmoqlarda o‘z postlarini yozgandek.

Qirol va Trampning ro‘parasida qirolicha Kamilla, birinchi xonim Melaniya Tramp va Uels shahzodasi Uilyam o‘tirdi.

AQSH elchisi Uorren Stivens qirolning opasi, malika Anna va Moliya vaziri Reychel Rivz orasidan joy oldi.

Bosh vazir Kir Starmer esa investitsiya kompaniyasi Blackstone rahbari Stiven Shvarsman bilan yonma-yon o‘tirdi. Ayni Tramp tashrifi munosabati bilan Blackstone Britaniyaga 90 milliard funt sarmoya kiritish rejasini e’lon qilgandi.

Konservatorlar rahbari Kemi Badenok OpenAI boshlig‘i Sem Altmanning yonida o‘tirdi.

Banketda, shuningdek, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff, Britaniya Tashqi ishlar vazirligining yangi rahbari Ivett Kuper va Britaniya Bosh vaziri o‘rinbosari Devid Lemmi ham qatnashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing