“Katta og‘a” inqirozda yoxud benzin nega qimmatlayapti?
Tahlil
−
22:00 906 11 daqiqa
Benzin qimmatlashib boryapti. Bu faqatgina O‘zbekistonning ichki bozoriga bog‘liq emas. Rossiya – Ukraina urushi har tomonlama o‘z so‘zini aytishni boshladi. Yutayotgan kim-u, yutqazayotgan kim?
Markaziy Osiyoni yillar davomida “yonilg‘i sirtmog‘i”da ushlab turgan Kreml bugun o‘z ichki bozoridagi yong‘in bilan ovora. Ukraina dronlarining ketma-ket zarbalari Rossiyaning neft-gaz imperiyasini teshik xaltaga aylantirib qo‘ydi. Moskva benzin qidirib qo‘shnilarga xat yozayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo Rossiyasiz yashashga va muqobil yo‘llar topishga ko‘nikmoqda. Xo‘sh, Rossiya o‘zi yoqqan urush alangasi uni qay darajada nochorlashtirdi?
Otning o‘limi – itning bayrami. Vaziyatdan foydalanib, sun’iy taqchillik orqali cho‘ntak qappaytirishni rejalashtirgan kimsalarga qarshi kurash boshlandi. O‘zbekiston ichki bozorida yonilg‘i narxini asossiz oshirish va resurslarni yashirib qo‘yishga chek qo‘yiladi.
“Zapravka”lardagi inqiroz
Benzin qimmatlashyapti. Bugun bu mavzu har bir o‘zbekistonlik haydovchining og‘riqli nuqtasiga aylangan. Hatto Toshkentda AI-95 markali benzinning 1 litri 18 500 so‘mgacha chiqib ketgani ko‘pchilikning hayratiga va e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Biroq masalaning asl ildiziga nazar tashlansa, bu muammo faqatgina O‘zbekiston ichki bozoridagi jarayonlarga bog‘liq emasligi oydinlashadi.
Dunyodagi geosiyosiy toqatsizlik va ziddiyatlar xalqaro energetika bozorini shol holatiga keltirmoqda. Bir tomondan, Isroil va AQSHning Eron bilan ziddiyatining keskinlashuvi ortidan strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozida harakatning cheklanishi jahon bo‘ylab neft yetkazib berish zanjirida jiddiy uzilishlarni keltirib chiqardi. Ikkinchi tomondan esa, Rossiya – Ukraina urushining energetik aks-sadosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistondagi AYOQSHlarga ham yetib keldi. Shu sababli, Prezident Shavkat Mirziyoyev sohadagi ushbu muammolarga yechim topish, narxlarni sun’iy oshirib oladiganlarni jilovlash va ichki bozorda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi. Bu mavzuga keyinroq batafsil to‘xtalamiz. Hozir esa cabablar aniq bo‘lsa-da, rasman e’lon qilingan ma’lumotlar orqali Rossiyaning bugungi holati qanday shakllanganini eslatib o‘taman.
2026 yil boshidan beri Ukraina dronlari va raketalari Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari, neft bazalari va eksport terminallariga 240 marotabadan ortiq hujum uyushtirgan. Ularning eng yuqori ko‘rsatkichi iyulda qayd etilgan bo‘lib, bir oyning o‘zida kamida 30 marotaba yirik NQZlar nishonga olingan. Rossiyadagi eng yirik 11 ta neftni qayta ishlash zavodining barchasi Ukraina uzoq masofali dronlari zarbasiga uchragan. Umuman olganda, Rossiyadagi yiliga 1 million tonnadan ortiq quvvatga ega bo‘lgan 33 ta yirik zavoddan kamida 24 tasiga shikast yetkazilgan. Rossiya hududida dronlar hali yetib bormagan deyarli birorta yirik NQZ qolmagan. Xalqaro moliya va iqtisodiy tahlil bilan shug‘ullanuvchi “Wall Street Journal” xodimlarining baholashicha, doimiy zarbalar natijasida Rossiyadagi umumiy neftni qayta ishlash quvvatlarining 20 foizidan 40 foizigacha bo‘lgan qismi vaqtincha ishdan chiqqan yoki ishlab chiqarish hajmini keskin qisqartirishga majbur bo‘lgan. Bu esa mamlakat ichida bir qator cheklovlar joriy qilinishiga sabab bo‘lgandi. Avgust oyida Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarini yana “ziyorat qilishi” ortidan mamlakat bo‘ylab yonilg‘i inqirozining yangi seriyasi boshlandi. Geografiya ham kengaygan. Mamlakat janubidan tortib to uzoq Primore o‘lkasigacha bo‘lgan hududlar aholisi zapravkalardagi uzun navbatlardan “dod” demoqda.
Mahalliy OAVning xabar berishicha kamida 12 ta hudud – Krasnodar o‘lkasi, Voronej, Kaluga, Rostov, Ryazan, Tambov, Tula, Saratov, Smolensk, Penza va Ulyanovsk viloyatlari, qolaversa Primore o‘lkasi aholisi benzin izlab sarson bo‘lyapti.
Sochi va Orenburgda esa odamlar majburan ko‘nikib qolgan cheklovlar qayta tiklandi. Bir odamga muayyan belgilangan miqdordan ortiq yonilg‘i berilmaydi. Bitta iste’molchiga 24 soat ichida 30 litr benzin va 60 litr dizeldan ko‘p sotilmaydi. Hatto Sochi ma’muriyati logistika tizimi izdan chiqqanini tan olib, mahalliy aholi va sayyohlarga shaxsiy transportdan ko‘ra, jamoat transportida yoki piyoda yurishni tavsiya qilmoqda.
Orenburg viloyati gubernatori Yevgeniy Solnsev vaziyat “murakkabligini” aytib, 12 avgustdan boshlab “kunora” tizimini joriy etdi. Endi avtoraqamning oxirgi raqami juft bo‘lsa, faqat juft kunlari, toq son bo‘lsa shunga mos sanalarda yonilg‘i quya oladi. Zapravkalardagi “sabr-toqat sinovi” mushtalashuvlarga aylanib ketmasligi uchun esa politsiya xodimlari ham safarbar etilmoqda.
Krasnoyarsk va Boshqirdistonda ham shoxobchalar yopilayotgani hamda taqchillik haqida murojaatlar ko‘paymoqda. Biroq mana shunday muammolar ijtimoiy tarmoqlar va aholi orasida noroziliklarga sabab bo‘layotgan bir paytda hukumat vakillari “qorni yondirishdi”. Qalovni esa ko‘zbo‘yamachilik orqali topishgan. Vladimir Putin tashrif buyurgan hududlarda benzin narxi to‘satdan arzonlab qoldi. Masalan, Krasnoyarskda prezident kelishidan bir kun oldin narxlar litriga 24 rublgacha tushgan. Zapravka egalari buni “logistika to‘satdan yaxshilanib qolgani” va zavodlardan qo‘shimcha yonilg‘i kelgani bilan izohladi. Ammo prezident korteji uzoqlashishi bilan oradan bir kun ham o‘tmay narxlar yana o‘z “issiq o‘rni” va qimmat ko‘rinishiga qaytgan.
Novosibirskda esa Putinning korteji bo‘sh qolgan zapravka yonida to‘xtab, bolalar bilan muloqot qildi. Kreml muxbiri Pavel Zarubin tomonidan e’lon qilingan suratlarda, negadir zapravkadagi narxlar yoziladigan tablo o‘chirib qo‘yilganini ko‘rish mumkin.
Moskva va Peterburgda ahvol hozircha yaxshi, o‘zgarmas bo‘lib turibdi. Ammo poytaxtdagi “Rosneft” zapravkalarida ham AI-95 benzini yo‘qolib qolayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.
Rasmiylar esa hanuz bu vaziyatni izohlashda “inqiroz” so‘zini ishlatishdan tiyiladi. G‘archi butun dunyo nima bo‘layotganini ko‘rib turgan bo‘lsa-da. Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, mas’ullarga ichki bozorga yonilg‘ini “uzluksiz yetkazib berish” va “monitoring qilish” bo‘yicha navbatdagi “quruq” deb atash mumkin bo‘lgan topshiriqlarni berish bilan cheklandi. To‘g‘ri-da, topshiriq berish benzin yetkazib berishdan ancha osonroq.
Markaziy Osiyo Rossiya yonilg‘isidan voz kechyapti
Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirayotgan “tashriflari” Markaziy Osiyo energetika bozorida keskin tebranishlarni keltirib chiqarmoqda. Shu paytgacha mintaqani “yonilg‘i sirtmog‘i”da ushlab turgan Kreml endi o‘z ichki bozorini ta’minlay olmaydigan darajaga kelib qolgan. Shu tufayli Rossiya mintaqadagi asosiy ta’sir richaglari va tayyor bozoridan ayrilish arafasida.
Kreml ichki bozordagi tanqislikni vaqtincha bo‘lsa-da jilovlash uchun benzin va aviayonilg‘i eksportiga “qulf” osgan. Bu esa kuz-qish mavsumi ostonasida turgan Markaziy Osiyo davlatlarini “Rossiyaga ishonib, sovuqda qolib ketmaslik” uchun tezda muqobil yo‘llar izlashga majbur qildi.
Masalan, shu paytgacha yonilg‘ining qariyb 90 foizini Rossiyadan olib kelgan Qirg‘iziston va Tojikiston Rossiyaga “ishonchli hamkor” sifatida suyanib bo‘lmasligiga amin bo‘ldi. Iyul oyi oxirida Moskva Bishkekning yil oxirigacha bo‘lgan ehtiyojining atigi yarmini qondirishga, oyiga taxminan 100 ming tonna benzin va dizel berishga arang rozi bo‘ldi.
Yetishmayotgan qismini qoplash uchun Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qasimaliyev mamlakat deyarli dunyo xaritasidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha muzokara boshlashga majbur bo‘lganini aytdi.
“Yonilg‘ining 90 foizdan ortig‘ini import qilamiz. Geosiyosiy vaziyat sabab narxlar keskin oshmoqda, Rossiyadan yonilg‘i olish imkoniyatlari esa avvalgidek emas. Shu sababli Belorussiya, Xitoy, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Turkiya va Yevropa davlatlari bilan muzokaralar olib boryapmiz. Belorussiyadan yetkazib berish boshlandi, Xitoydan dastlabki 5 ta mashinada yonilg‘i keldi. Ozarbayjon va O‘zbekiston bilan ham kelishuvlar bor – qo‘shnilarimiz oyiga 20 ming tonnadan bera oladi”, deydi Qasimaliyev.
Ammo O‘zbekiston tomonidan rasman bu kelishuv va raqamlar tasdiqlanmagan.
Qirg‘izistonlik amaldorning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya va Yevropadan ham yonilg‘i olish mumkin, ammo tranzit logistikasi “cho‘ntakka og‘irlik qilmoqda”. Qirg‘iziston hukumati narxlar sakrab ketmasligi uchun byudjetdan AI-92 benzinni va dizelni subsidiyalayapti, ammo narx baribir asta-sekin ko‘tarilishi turgan gap.
Bundan tashqari, Qozog‘iston ham Qirg‘izistonga oyiga 20 ming tonna mazut eksport qilishga ruxsat berdi. Bu mazut Bishkek Issiqlik energiya stansiyasida yoqiladi yoki mahalliy neftni qayta ishlash zavodlariga yuboriladi. Vaholanki, Qozog‘istonning o‘zida ham 2026 yil noyabrigacha benzin eksportiga taqiq amal qilmoqda va bu cheklov yana yarim yilga uzaytirilishi kutilmoqda.
“Rossiyaning qo‘liga qarab o‘tirish” Bishkekning ham joniga tekkan. Shu sababli yiliga 450 ming tonna yonilg‘i ishlab chiqaradigan o‘z zavodining qurilishini jadallashtirdi. Loyiha 2026 yilning oxiridayoq ishga tushishi kutilmoqda.
Tojikiston va O‘zbekistonda yangi hamkorlar
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston iyul oyida Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan importni 3 baravarga oshirib 34 ming tonnaga yetkazdi. Rossiyadan olinadigan benzinni esa 14 ming tonnagacha, deyarli ikki baravarga qisqartirdi.
O‘zbekiston esa Rossiya energetikasiga nisbatan kamroq bog‘langan bo‘lsa-da, o‘z ehtiyojining 60 foizini mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplaydi. Qolgan qismi uchun Toshkent ham Rossiyadan tashqari Gruziya, Iroq kabi davlatlar bilan kelishuvlarni kengaytirmoqda.
Toshkent uchun yana bir muhim masala – aviatsiya yonilg‘isi. Rossiyaliklar sanksiyalar sababli xorijga Toshkent orqali uchishayotgani va tranzit parvozlar keskin ortgani sababli aviayonilg‘iga talab ancha oshgan. Shu sababli O‘zbekiston AQSHning “Schlumberger” kompaniyasi bilan geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirmoqda.
Ammo hech kimga sir emaski, otning o‘limi, itning bayrami qabilida ish tutadigan, har qanday ehtiyojdan pul ishlab qolish dardida yashaydiganlar baribir topiladi. Shu bois, O‘zbekistonda neft-gaz resurslarini asossiz ushlab turish, sun’iy taqchillik yuzaga keltirish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatiladi. Buni shaxsan prezident aytdi. Joriy yilning 11 avgustida Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz bozorida barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga uglevodorod resurslarini uzluksiz yetkazib berish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishishi chog‘ida mutasaddilarga topshiriq berdi.
“Quduqlarni burg‘ilashdan tortib, ularni gaz uzatish tarmog‘iga ulashgacha bo‘lgan jarayonlarni kunlik nazoratga olish, elektr ta’minoti va ishlab chiqarish infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash muhim. Ichki bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash, uglevodorod resurslari ta’minotida uzilishlarga hamda narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz ta’minlash vazifasi qo‘yiladi. Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish kerak”, degan prezident.
Qolaversa yig‘ilishda mutasaddilarga ichki bozor ehtiyojini kunlik tahlil qilib borish, ta’minot bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlash va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Kreml Qozog‘istonga “yolvormoqda”
Siyosat pardasi ortidagi eng qiziq tomosha – Rossiyaning Qozog‘istonga qilayotgan taklifi bo‘lyapti. “Reuters” xabariga ko‘ra, Moskva o‘z neftini Qozog‘iston zavodlarida qayta ishlab berishni so‘rab muzokara olib bormoqda. Maqsad oddiy: neftni Ukraina dronlari yetib bora olmaydigan xavfsiz hududda qayta ishlab, tayyor benzinni yana Rossiyaning o‘ziga va ichki bozorga qaytarish. Biroq bu kelishuv Kreml daromadlarining sezilarli darajada kamayishini va Rossiyaning energetik “gigant” maqomi qay darajada zaiflashganini ko‘rsatib qo‘ymoqda.
Xo‘sh, Astana Rossiyaga “neft tozalab beruvchi” bo‘la oladimi? Keling, raqamlarga qaraymiz. Qozog‘istonda 3 ta yirik neftni qayta ishlash zavodi bor: Pavlodar, Atirau va Chimkent NQZlari. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan modernizatsiyadan so‘ng, ularning umumiy quvvati yiliga taxminan 17-18 million tonna neftni qayta ishlashga yetadi. Ammo bu yerda kichik bir “lekin” bor: Qozog‘istonning o‘z zavodlari allaqachon maksimal 90–95% quvvatda ishlamoqda. Qolaversa, mamlakatning o‘zida ham qishloq xo‘jaligi mavsumi va ichki talab sabab tez-tez benzin va dizel taqchilligi yuzaga kelib turadi. Shu sababli Qozog‘iston 2026 yil noyabrigacha benzin eksportiga to‘liq taqiq qo‘ygan.
Demak, Qozog‘iston Rossiyaning millionlab tonna neftini shunchaki “yutib yubora olmaydi”. Agar Astana Rossiya neftini qayta ishlamoqchi bo‘lsa, bu faqat bir necha maxsus shartlar evaziga yuz berishi mumkin:
Birinchidan, zavodlardagi kichik bo‘sh o‘rinlarni ishga solish va profilaktika ta’mirlarini kechiktirish orqali texnik quvvatlar kengaytiriladi.
Ikkinchidan, svop (almashtirish) operatsiyalari orqali Rossiya neftini o‘z ehtiyoji uchun olib, o‘zining neftini eksportga yo‘naltirishi mumkin.
Uchinchidan, mavjud zavodlar vaqtincha Rossiya xomashyosiga moslashtirilishi lozim bo‘ladi, lekin bu Qozog‘istonning o‘z ichki bozoriga xavf soladi.
Rossiyaning bu ojizligidan Astana juda katta siyosiy va iqtisodiy dividendlar undirib olishi ham mumkin. Masalan, Qozog‘iston Rossiyadan neftni o‘ta arzon, ya’ni katta chegirma bilan olishi va qayta ishlash xizmati uchun katta narx belgilashi imkoniga ega bo‘ladi. Qolaversa, Qosim-Jo‘mart Toqayev Moskvadan doimiy ravishda bosim o‘tkazib kelinadigan Kaspiy Quvur Konsorsiumi (KPK) neft quvuri xavfsizligini kafolatlashni, tranzit tariflarini pasaytirishni va mintaqaviy masalalarda yon berishni talab qila oladi. Boshqa tomondan, Qozog‘iston NQZlari va davlat g‘aznasi qayta ishlash xizmatidan millionlab dollar sof daromad oladi.
Aksincha, agar Astana bu taklifni rad etsa yoki texnik imkonsizlikni bahona qilib paysalga solsa, vaziyat boshqacha tus oladi. Bir tomondan, Qozog‘iston Rossiya neftini qayta ishlashdan bosh tortish orqali G‘arbning ikkinchi darajali sanksiyalariga tushish xavfidan qutuladi va Yevropa hamda AQSH bilan munosabatlarini saqlab qoladi. Ikkinchi tomondan, Moskva birinchi navbatda Qozog‘iston neftining 80 foiz qismi Yevropaga oqib o‘tadigan Kaspiy Quvur Konsorsiumi ishini “texnik nosozlik” bahonasi bilan yana to‘xtatib qo‘yib, g‘azab va shantajga o‘tishi mumkin. Ammo Qozog‘iston yordam bermasa, Rossiya ichki bozorida benzin narxi va taqchilligi rekord darajaga yetishi shubhasizdir.
Kremlning Astanaga qilayotgan bu “yolvorishi” shunchaki tijorat taklifi emas, balki Rossiya energetika tizimi ukrain dronlari zarbasi ostida qanchalik ojiz va mo‘rt bo‘lib qolganining jonli isbotidir. Urush qancha uzoq davom etsa, Markaziy Osiyo – xususan Qozog‘iston va O‘zbekiston Rossiyasiz va uning energetik bosimisiz yashashga shunchalik ko‘p ko‘nikadi. Natijada Kreml nafaqat urush xarajatlari va vayron bo‘lgan NQZlarini tiklash, balki mintaqada o‘n yillar davomida qurgan geosiyosiy ta’sir va milliardlab dollarlik bozorlarini boy bergani uchun ham achchiq to‘lov qilishga majbur bo‘ladi.
Live
Barchasi