Hind okeanida muhojirlar qayig‘i cho‘kib ketdi. 250 kishi bedarak yo‘qoldi
Olam
−
15 aprel 2370 2 daqiqa
Bangladesh hududidan muhojirlar bilan birga yo‘lga chiqqan kema Andaman dengizida cho‘kib ketdi. Voqea oqibatida 250 dan ortiq muhojirlar bedarak yo‘qolgan. Bu haqda BMTning qochqinlar va migratsiya bo‘yicha agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qayiqning aniq qachon cho‘kkani hali aniqlanmagan. Falokat kuchli bo‘ron va dengiz to‘lqinlari tufayli sodir bo‘lgan. Mahalliy qirg‘oq qo‘riqlash xizmatining xabar berishicha, kema (trauler) Bangladeshdan Malayziya hududiga noqonuniy ravishda kirmoqchi bo‘lgan.
Qutqaruvchilar joriy yilning 9 aprel kuni Bangladesh bayrog‘i ostidagi kemaning yog‘och qoldiqlari va bochkalarga yopishib olgan 9 nafar migrantni qutqarib qolishgan. Qochqinlar tahminan 2 kun davomida ochiq dengizda jon saqlagan. Omon qolganlarning aytishicha, kemada 250 dan ortiq odam bo‘lgan. Ularning taqdiri hali ham noma’lumligicha qolmoqda.
“Bangladeshdan Malayziya qirg‘oqlariga yo‘l olgan bengal muhojirlar kemasi kuchli dengiz bo‘roni oqibatida cho‘kib ketdi. Biz fojiadan omon qolgan 9 nafar muhojirdan ma’lumot olishga urinyapmiz. Ular topilgan hududda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda”, deyiladi BMTning qochqinlar va migratsiya bo‘yicha agentligi bayonotida.
Omon qolganlardan birining aytishicha, ularga Malayziyadan ish va boshpana topib berish va’da qilingan. Agentlikka ko‘ra, bu kabi qayiqlar ko‘pincha kichik, tor va tiqilinch bo‘lib, toza suv va sanitariya kabi asosiy qulayliklarga ega emas. Qayiqdagi o‘ta og‘ir sharoit va qo‘riqlash xizmatlarining taqibi sababli, bu kabi safarlar ko‘pincha fojia bilan yakunlanadi. Ba’zi odamlar dengizdagi og‘ir muhitdan halok bo‘lishi, yana ba’zilari esa mahalliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olinishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Bodrum dam olish maskanida ichida noqonuniy muxojirlar bo‘lgan qayiq cho‘kib ketgani, hodisa oqibatida 18 qochqin halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi