Har bir vazir va hokim kamida 10 mlrd so‘mlik venchur jamg‘arma tashkil etadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir vazir, tarmoq rahbari va hokim kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘arma tashkil etadi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni rejalashtirgan. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi g‘oyalarni olib kiradigan innovatsion startaplarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

“Biz 2030 yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi g‘oya olib kiradigan innovatsion startaplar kerak”, deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Bildirilishicha, so‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekistonda startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, qiymati 4 milliard dollardan oshgan. Venchur jamg‘armalar soni 23 taga, ularning umumiy kapitali esa 200 million dollarga yetgan. Shu davrda 1 ming 200 dan ortiq istiqbolli startap loyihasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur sohada 3 mingdan ziyod yosh yuqori daromad topmoqda.

Shuningdek, “Global startap indeksi”da O‘zbekiston 31 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoda eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi hamda “2026 yil mamlakati” deb e’tirof etilgani ta’kidlangan.

Prezident endilikda har bir vazir, tarmoq rahbari va hokim “1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, rahbarlar o‘z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformaga joylashtirib, eng yaxshi yechimlar uchun mukofot e’lon qiladi.

Har bir vazir va hokim tashkil etadigan venchur jamg‘armalari mablag‘lari g‘oliblarni taqdirlash hamda 20 tadan eng yaxshi startapni g‘oyadan amaliyotgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Yoshlar agentligi biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishidagi eng yaxshi 100 ta loyihani saralab olib, ularning har biriga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijning nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni mahalliy ish beruvchilar bilan bog‘laydigan raqamli muloqot platformasi bir oy ichida ishga tushirilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing