HAMAS G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi – OAV

Olam

image

HAMAS harakati AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘ldi. Bu haqda manbasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Uitkoffning taklifi vositachilar orqali HAMASga yetkazildi. Unda o‘n nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qilish, 70 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridan qisman olib chiqilishi nazarda tutilgan.

“Tashabbus, shuningdek, Isroil bir qator falastinlik mahbuslarni, jumladan, uzoq muddat qamoqda o‘tirgan yuzlab mahbuslarni ozod qilishni ko‘zda tutadi”, deya xabar beradi “Reuters”. 

Bundan tashqari, o‘t ochishni to‘xtatish davrida tomonlar doimiy o‘t ochishni to‘xtatish rejimini muhokama qilishni boshlaydi. Bungacha Isroil va HAMAS ikki marta sulh tuzib, isroillik garovga olinganlarni falastinlik asirlarga almashtirgan edi. Oxirgi sulh mart oyida yakunlangan edi. Tomonlar uni uzaytirish borasida kelisha olmadi.

17 may kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha HAMAS-Isroil muzokaralarining yangi raundi boshlandi. Ammo 21 may kuni muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Shundan so‘ng “Ynet”ning xabar berishicha, Isroil Dohadan delegatsiyani chaqirib olishga qaror qilgan, chunki HAMAS Uitkoffning garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish rejasini qabul qilishdan bosh tortgan.

“Al-Mayadeen” falastinlik mulozimga tayanib, HAMAS 90 kunlik otashkesim, besh tirik garovga olingan odam ozod etilishi va besh nafar jasad topshirilishini talab qilganini yozdi. Biroq Amerika tomoni oxir-oqibat 70 kunlik otashkesim rejasini tasdiqladi.

Isroil kelishuv shartlarini qabul qilishga tayyorligi haqida hali rasman izoh bermadi. “Reuters” xabari chop etilishidan oldin ham “The Times of Israel”yuqori martabali isroillik mulozimga tayanib, Isroil HAMAS taklifini rad etgani haqida xabar berdi.

“HAMAS imkonsiz shartlarni qo‘yadi, ya’ni urush maqsadlariga erishish va garovga olinganlarni ozod qilish mumkin emas”, dedi u.

May oyi o‘rtalarida Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) G‘azo sektorida yangi quruqlikdagi operatsiya “Gidyon aravasi” boshlanganini e’lon qildi. “The Times of Israel” nashrining yozishicha, hozirda G‘azo sektorida SAXALning barcha oddiy piyoda va zirhli brigadalari joylashtirilgan. Netanyaxu Isroil G‘azo sektorining butun hududida harbiy nazorat o‘rnatish niyatida ekanini aytdi. G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyat Yevropa Ittifoqini yahudiy davlati bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga undagan, Britaniya, Kanada va Fransiya esa sanksiyalar bilan tahdid qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing