Panamaga deportatsiya qilingan o‘zbeklar, kelishuvni tiklagan HAMAS, Putinsiz o‘tgan Myunxen konferensiyasi. Hafta tahlili
Tahlil
−
15 fevral 4701 12 daqiqa
HAMAS va Isroil o‘rtasida 1 yildan ortiq kutilgan kelishuv bekor qilinishiga va G‘azodagi vaziyat yana qayta izdan chiqishiga bir baxya qoldi.
AQSH esa osiyolik noqonuniy muhojirlarni Panamaga deportatsiya qildi. Ular ichida o‘zbekistonliklar ham borligi aytilmoqda. Eron esa bu holat yuzasidan AQSHga allaqachon o‘z e’tirozini bildirdi.
Germaniyaning Myunxen shahrida Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlanmoqda. Tomonlarning barchasi shu yerda jam bo‘lgan. Rossiyadan tashqari, albatta.
Chorasiz HAMAS
HAMAS va Isroil o‘rtasidagi sulhdan keyin ikki o‘rtada 5 raundli mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ammo HAMAS Isroil tomoni kelishuv majburiyatlarini bajarmaganini aytib, joriy hafta mahbus va asirlar almashinuvi noma’lum muddatga to‘xtatilganini e’lon qilgandi. Navbatdagi almashinuv 15 fevralga belgilangandi. HAMASning bu qarori AQSH Prezidenti Donald Trampning keskin va tahdidli reaksiyasiga sabab bo‘ldi. Isroil Mudofaa vaziri Kats ham HAMASning qarorini o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning “to‘liq buzilishi” deb atadi va G‘azo sektoridagi SAXAL kuchlarini to‘liq jangovar shay holatga keltirgani ma’lum qilindi. Lekin HAMAS harakati dastlab Trampning tahdidli talabini rad etdi. Harakat matbuot kotibi Sami Abu Zuhriy, yanvar oyida Isroil bilan tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga amal qilish garovga olinganlarning ozod etilishini kafolatlashning yagona yo‘li ekanini bildirdi. U, shuningdek, tahdidli ritorikalar mavjud vaziyatda o‘rinsizligi va bunday harakatlar holatni yanada murakkablashtirishini qo‘shimcha qildi. Bu orada Netanyaxu idorasi ham HAMASga Trampning tahdidini takrorladi. “The Times of Israel” Isroil Bosh vaziri idorasiga tayanib, navbatdagi almashinuv o‘z vaqtida bajarilmasa, yahudiy davlati G‘azo sektorida jangovar harakatlarni qayta tiklashi haqida xabar berdi. Shuningdek, Netanyaxuga ko‘ra, agar HAMAS garovga olingan isroilliklarni 15 fevral kuni tushgacha qaytarmasa, o‘t ochishni to‘xtatish bekor qilinishi va Isroil HAMAS to‘liq tor-mor etilgunga qadar shiddatli jangovar harakatlarni qayta boshlashini ma’lum qildi. Uning maslahatchisi Dmitriy Gendelman bu paytda Isroil armiyasi o‘z kuchlarini G‘azo sektorining ichkarisida va uning chegaralari bo‘ylab to‘playotgani bildirilgan.
Shundan so‘ng, oradan ko‘p o‘tmay HAMAS garovga olinganlarni belgilangan tartibda ozod etishda davom etishi haqida xabar tarqadi. Ma’lum qilinishicha, Qohiradagi muzokaralardan so‘ng Falastin guruhi to‘siqlar bartaraf etilganini bildirgan. Vositachi sanalgan Misr va Qatar hisobotlarida ham bo‘shliqlar bartaraf etilgani aytiladi. Isroil hukumati esa bu xabarlarga izoh bermagan. Qolaversa, Isroil HAMAS harakati 15 fevral kuni ozod etilishi kerak bo‘lgan uchta garovga olinganlar ro‘yxatini taqdim etishini kutayotganini qo‘shimcha qilgan. Rossiyaning “RosBiznesKonsalting” nashri esa HAMAS tomonidan 15 fevral kuni ozod qilinishi kerak bo‘lgan asirlar orasida Rossiya fuqarosi Aleksandr Trufanov ham borligi haqida xabar berdi.
Shu tariqa mazkur video tasvirga olinayotgan real vaqtda HAMAS va Isroil o‘rtasida amalga oshirilishi belgilangan asir va mahbuslar almashinuvi davom etish ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda. Kun oxiriga kelib taraflar buni amalga oshirish ehtimoli yuqori. 16 yanvar kuni kelishilgan va 19 yanvarda kuchga kirgan bu kelishuv bo‘yicha shu paytgacha 5 raundli almashinuvlar bo‘lib o‘tdi. 8 fevral kuni garovga olinganlarni mahbuslarga almashtirishning beshinchi bosqichi yakunlangandi. Unda uch nafar isroillik garovga olingan shaxs ozod qilinib, buning evaziga 183 nafar falastinlik mahbus qo‘yib yuborilgandi. Umuman olganda, HAMAS shu choqqacha 16 nafar isroillikni ozod qildi. Ayni damda esa harakat qo‘lida yana 17 nafar isroillik asirlar saqlanayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo Isroil bunday deb o‘ylamaydi. Yahudiy davlatida ayni damda HAMAS qo‘l ostida qolayotgani aytilgan 17 kishidan sakkiz nafari allaqachon halok bo‘lgan degan gumon bor. Ya’ni bundan ko‘rinib turibdiki, Isroil hozirda faqatgina to‘qqiz kishining ozod qilinishini kutmoqda, xolos.
Panamaga deportatsiya qilingan o‘zbekistonliklar
“New York Times” xabariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakatda noqonuniy maqomda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik muhojirlarni Panamaga deportatsiya qilmoqda. Qayd etilishicha, Amerika harbiy reysi AQSH immigratsiya hibsxonasida bo‘lgan osiyolik muhojirlarni Panamaga deportatsiya qilgan va ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham mavjud. Ma’lum qilinishicha, ushbu noqonuniy muhojirlar orasida O‘zbekiston fuqarolaridan tashqari, Afg‘oniston, Xitoy, Hindiston, Nepal, Shri-Lanka, Pokiston, Turkiya, Vetnam va Erondan kelgan 119 nafarni tashkil qilgan kattalar va bolali oilalar bo‘lgan. Panama Tashqi ishlar vazirligi Tramp ma’muriyati bilan kelishuvga binoan panamalik bo‘lmaganlarni mamlakatga deportatsiya qilishga ruxsat beruvchi birinchi reysni qabul qilganini tasdiqladi. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, kelishuv bo‘yicha deportatsiya xarajatlari AQSH tomonidan qoplanadi. Tramp ma’muriyati deportatsiya bo‘yicha ko‘proq kelishuvlarni ilgari surgan, ammo yana qancha kelishuvlar bo‘lishi noma’lum.
Mazkur holat yuzasidan Eron o‘z fuqarolariga nisbatan qilingan kamsituvchi holatga munosabat berib ulgurdi. Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bagay AQSH hukumatining muhojirlarga, jumladan Eron fuqarolariga nisbatan “noo‘rin va kamsituvchi” munosabatini qoralab, buni asossiz va inson huquqlari me’yorlarining buzilishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Eron Tashqi ishlar vazirligi o‘z huquqiy majburiyatlariga muvofiq, xorijdagi Eron fuqarolarining huquqlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
Ma’lumot o‘rnida, shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, 2023 yil oktyabr oyidan to 2024 yil mayiga qadar AQSHning janubiy chegarasida jami 57 200 nafar noqonuniy muhojir qo‘lga olingan. Ular ichida 2900 dan ortiq o‘zbekistonlik bo‘lgan. Odatda ularning AQSHga yo‘l olishi Turkiya, Ispaniya, Boliviya, Kolumbiya va eng so‘ngida Meksika kabi davlatlar ketma-ketligidagi o‘zgarmas algoritmdan iborat bo‘lgan. AQSHdagi noqonuniy muhojirlar masalasiga to‘xtalar ekanmiz, so‘nggi yillarda o‘zbekistonliklar bu ko‘rsatkichda ancha yuqori o‘rinlarda turganini ko‘rish mumkin. Xususan, 2023 yil oktyabr oyida O‘zbekiston fuqarolari AQSH janubiy chegarasiga noqonuniy kirishga uringanlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallagandi. Bundan tashqari, o‘tgan yili mart oyida senator Stiv Deyns Markaziy Osiyo davlatlaridan 40 ming nafar shaxs AQSHda boshpana so‘rash jarayonini kutayotganini ma’lum qilgandi. O‘sha 40 ming muhojirning salkam yarmi, aniqrog‘i 17 ming nafarini O‘zbekiston fuqarolari tashkil qilishi aytilgan.
Tinchlik uchun Myunxenda tashlangan dastlabki qadamlar
Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish uchun dastlabki yirik qadamlardan biri tashlandi. Bu 14-16 fevral kunlariga belgilangan va ayni damda davom etayotgan Myunxen Xavfsizlik konferensiyasidir. 1963 yildan beri har yili fevral oyida o‘tkaziladigan va asosan xavfsizlik masalalariga bag‘ishlanadigan Myunxen konferensiyasining bu galgi asosiy muhokama mavzusi Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish ekani oldindan ma’lum edi. Davlat rahbarlari, quyi martabali siyosatchilar va diplomatlar, harbiy xizmatchilar, biznes va nodavlat tashkilotlar, ekspertlar ommaviy yig‘ilishlarda va sahna ortida global xavfsizlik masalalarini muhokama qilish uchun yig‘iladigan bu uchrashuv formatida Rossiya 2022 yildan beri uning ishida ishtirok etmaydi. Bu safargi yig‘inda ham Rossiya vakillari ishtirok etmasligi aytildi, chunki ular mazkur konferensiyaga hech qanday rasmiy taklif olmagan. Bu Rossiya boshlagan bosqinni to‘xtatish ko‘zlangan, ammo usiz o‘tayotgan ikkinchi yirik siyosiy tadbirdir. O‘tgan yili yozda Shveysariyadagi tinchlik sammiti ham xuddi shunday ko‘rinishga ega edi. G‘arblik siyosatchilar bosqinni boshlagan davlatsiz shu bosqinni to‘xtatish maqsadida yana qancha sammit va konferensiyalar uyushtirishi noma’lum. Biroq, esingizda bo‘lsa, 13 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Myunxen konferensiyasi doirasida AQSH, Ukraina va Rossiya vakillari o‘rtasida uchrashuv rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Ammo Myunxen Xavfsizlik konferensiyasi rahbari Kristof Xoysgen jurnalistlarga Rossiya vakillari konferensiya tashkilotchilaridan akkreditatsiya olmaganini o‘z og‘zi bilan ma’lum qildi, ammo u bunday uchrashuvni o‘tkazish imkoniyatini inkor qila olmasligini ham qo‘shimcha qilgan. Demak, konferensiya tugashiga hali vaqt bor ekan, Myunxenda kutilmagan uchrashuvlar bo‘lish ehtimolini rad qilib bo‘lmaydi. Ungacha esa ayni daqiqalarga qadar mazkur xavfsizlik konferensiyasida bo‘lib o‘tgan bir qancha e’tiborga loyiq voqeliklarga to‘xtalsak.
Konferensiyaning asosiy figuralaridan biri bo‘lgan Zelenskiy va u boshqaruvidagi Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATOning ikki xil munosabatiga duch keldi. Yevrokomissiya Prezidenti Ursula fon der Lyayen Myunxen konferensiyasi doirasida Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, Ukrainaning Ittifoqqa qo‘shilishi bo‘yicha ishlarni tezlashtirishga va’da berdi. Ammo NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Ukrainaga alyansga qo‘shilish borasida hech qanday va’da berilmaganini ta’kidladi. U a’zolik ehtimoliy tinchlik kelishuvining bir qismi bo‘lmasligini aytib, alyans bor e’tiborini faqatgina muzokaralar oldidan Ukrainaning yaxshi pozitsiyada bo‘lishini ta’minlashga qaratganini qo‘shimcha qildi.
“Biz Ukraina ishtirok etadigan muzokaralar oldidan yaxshi holatda bo‘lishini ta’minlashimiz kerak. Bu tinchlik kelishuvining bir qismi bo‘ladi. Biz bu yerda barqaror va mustahkam tinchlikni kafolatlashning eng yaxshi yo‘lini muhokama qilmoqdamiz. Biroq Ukrainaga NATOga a’zolik kelishuvning bir qismi bo‘lishi haqida hech qachon va’da qilinmagan”, dedi u Myunxen Xavfsizlik konferensiyasida.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Myunxen konferensiyasi doirasida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida agar Ukraina NATOga qo‘shilmasa, uni bir yarim millionlik armiya va NATO qurollari bilan ta’minlash kerakligini aytdi.
Shuningdek, Zelenskiy har qanday vaqtda muzokaralarga tayyor ekani, Rossiya harbiy agressiyasini to‘xtatishning turli yo‘llari, xususan, tinchlikparvar qo‘shinlar kontingentidan tortib, xavfsizlik kafolatlarigacha bo‘lgan masalalarni muhokama qilishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, u Myunxenda Rossiya vakillari ishtirokida bo‘lishi mumkin bo‘lgan muzokaralardan bexabar bo‘lgan va bunday ehtimoliy muzokaralar sodir bo‘lgan taqdirda dastavval AQSH va Yevropa rahbarlari, undan so‘nggina rossiyalik vakillar bilan o‘tkazilishini aytdi. Ammo Zelenskiy Rossiya tomonidan hozirgacha bosib olingan yerlardan voz kechish masalasi hech qachon muhokama qilinmasligi, chegaralarni o‘zgartirish to‘g‘risida faqat va faqat Ukraina xalqi qaror qabul qilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi. U shuningdek, Ukraina hududida tinchlikni ta’minlash uchun xorijiy qo‘shinlarni joylashtirish rejasi allaqachon tayyor va “harbiylar buning ustida ishlamoqda”, biroq qo‘shinlarning ehtimoliy joylashtirilishi xaritasi hozircha e’lon qilinmasligini ham ma’lum qildi. Tinchlik muzokaralari haqida gap ketar ekan, Zelenskiy o‘zining ikki asosiy shartini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi. Unga ko‘ra, muzokaralar Ukraina pozitsiyasi AQSH Prezidenti va Yevropa yetakchilari bilan umumiy ko‘rinishga ega bo‘lgandan so‘nggina bo‘lib o‘tadi va bunday muzokaralarda Rossiya tomonidan Putin qatnashishi zarur.
Ukraina boyliklari AQSHga o‘tadi
Ukraina Prezidenti konferensiyaning dastlabki kunidayoq AQSH vakillarining barchasi bilan uchrashdi. AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens, Davlat kotibi Marko Rubio va AQSHning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Vladimir Zelenskiy bilan muloqot qildi. Tramp tomonidan Rossiyaning Ukrainaga bosqinini 100 kun ichida to‘xtatish topshirig‘ini olgan Kit Kellogg nihoyat tomonlardan biri bilan yuzma-yuz keldi. U, shuningdek, Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak bilan ham uchrashdi. Ushbu uchrashuv Yermakning chaqiriqlari va ba’zi ogohlantirishlari ancha e’tiborni tortdi. U suhbat chog‘ida Kellogga “Putin hech qachon qoida bo‘yicha o‘ynamas”ligini aytgan va Kellogni Putinga aldanib qolishdan ogohlantirgan.
“Ruslar har doim G‘arbni masxara qilishgan, lekin har doim undan nusxa ko‘chirishgan. Ularning hozirgi “Sharqqa burilish”lari chuqur madaniy o‘zgarish emas, balki o‘z maqsadlariga erishish uchun taktik harakatdir. Ruslar faqat kuchni hurmat qiladi va undan foydalanmaydiganlarni mensimaydi. Rossiya va’da berganida emas, majbur bo‘lganda to‘xtaydi”, degan Yermak.
Yermak va Kellogg oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish va uning Ukrainaga tashrifini muhokama qilgan. Myunxen konferensiyasidan oldin tarqalgan xabarlar bo‘yicha Kellogg Germaniyaga Trampning Ukrainadagi urushni tugatish rejasi bilan kelishi kerak edi. Chunki fevral oyi boshida “Bloomberg” o‘z manbalariga tayanib, shunday xabar tarqatgandi. Biroq Kellogg keyinchalik Kit Kellogg bu mish-mishlarni rad etdi.
Ammo konferensiyada tinchlik rejasi taqdim qilinmagan bo‘lsa-da, hozircha boshqa loyiha muhokama qilingani aytilmoqda. Xususan, “Amerika ovozi” xabariga ko‘ra, Ukraina kecha, AQSHga mineral resurslarni yetkazib berish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv bo‘yicha takliflarni taqdim etgan. Myunxenda AQSH senatorlaridan iborat ikki partiyaviy guruh va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSH va Ukraina o‘rtasida foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha kelishuv masalasi muhokama qilingan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, AQSHga taqdim etilgan takliflar “Ukraina Konstitutsiyasiga muvofiq” tuzilgan. Qayd etilishicha, Kiyev AQSHning xavfsizlik kafolatlari doirasida o‘z tabiiy resurslarini Amerika sarmoyasi uchun ochish bo‘yicha kelishuv tuzishga tayyorligini ma’lum qilgan. Gap oldin ham bir necha bor o‘rtaga tashlangan va shaxsan Tramp tomonidan talab qilingan o‘sha noyob yer minerallari: titan, uran va litiy konlari haqida ketyapti. 500 milliard dollar ekvivalentiga teng bo‘lgan tabiiy boyliklar!
AQSH va Germaniya “mushtlashuvi”
AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Yevropa davlatlarining migratsiya, so‘z erkinligi va xavfsizlik sohasidagi siyosatini tanqid qildi. JD Vensning bu gaplari aynan Germaniyaga atalgandi. Chunki xabaringiz bor, avvalroq Bundestagdagi millatchi partiyalar AQSHdagiga o‘xshash migratsion siyosatni amalga oshirishi ko‘zlangan qonun loyihasini ovoz berishga qo‘ygan, ammo bunga boshqa partiyalar koalitsiyasi qarshilik qilgandi.
“Yevropa uchun meni eng ko‘p tashvishlantirayotgan tahdid bu Rossiya yoki Xitoy yoki boshqa tashqi aktor emas. Men ichkaridan kelayotgan tahdid, Yevropaning AQSH bilan baham ko‘rgan eng muhim qadriyatlaridan chekinishidan xavotirdaman”, dedi u.
AQSH vitse-prezidenti, shuningdek, “xavfsizlik devori qurmaslik” va “kelajakdan qo‘rqmaslik”ga chaqirdi. Avvalroq esa u Amerikaning “The Wall Street Journal” nashriga bergan intervyusida Myunxenda nemis siyosatchilarini barcha partiyalar, jumladan, “Germaniya uchun alternativ” partiyasi bilan ham hamkorlik qilishga chaqirishni rejalashtirayotganini aytgandi. Vens Germaniyadagi qaysi partiyani nazarda tutmoqda degan savol tug‘iladi. Ma’lumot o‘rnida esa shuni ta’kidlab o‘tish joizki, “Germaniya uchun alternativ” partiyasi Bundestagdagi ultra o‘ng, ya’ni o‘ta millatchi ruhdagi partiya hisoblanadi. Vensning bu chaqirig‘i bugungi Tramp jamoasida Maskdan tashqari o‘nglar yetarlicha topilishidan dalolatdir.
AQSH vitse-prezidentining so‘zlariga javoban esa Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt Vensni “do‘st davlatning ichidagi siyosiy bahs-munozaralarni to‘liq anglab yetmasdan uning ichki ishlariga aralashmaslik”ga chaqirdi. O‘z navbatida, “Germaniya uchun alternativ” partiyasidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Alis Vaydel X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida Vensning MSC’dagi nutqini “a’lo” deb atagan. Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius esa Myunxen xavfsizlik konferensiyasida AQSH vitse-prezidentining Yevropadagi so‘z erkinligi haqidagi so‘zlarini tanqid qildi.
“Agar men uni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, u Yevropaning ba’zi qismlaridagi sharoitni avtoritar rejimlar sharoitiga qiyoslayapti. Bu qabul qilib bo‘lmaydigan narsa va bu men yashayotgan va men hozir bo‘lgan Yevropa va demokratiya emas”, dedi Pistorius.
Federal vazirning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya demokratiyasida “har qanday fikr bildirilishi mumkin”, bu “Germaniya uchun alternativ” kabi qisman ekstremistik partiyalarga boshqa partiyalar kabi mutlaqo normal kampaniya o‘tkazish imkonini beradi. Pistorius, shuningdek, “Germaniya uchun alternativ”dan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Elis Vaydel 13 fevral kuni bu lavozimga boshqa da’vogarlar qatorida nemis televideniyesida bemalol nutq so‘zlaganini eslatdi. O‘z navbatida, Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini qo‘pollikda, belgilangan qoidalar, hamkorlik va ishonchni buzganlikda aybladi. Frank-Valter Shtaynmayer Tramp ma’muriyatining dunyoqarashi “yagona dominant paradigma”ga aylanib qolmasligini ta’minlash xalqaro hamjamiyat manfaatlariga mos kelishini qo‘shimcha qildi.
“Qoidalarning yo‘qligi dunyoni qayta tashkil etish tamoyiliga aylanmasligi kerak. Bu biznes modeli emas va bu halokat uchun o‘yin maydonchasi emas”, dedi u.
Live
Barchasi