Urush boshidan beri kamida 707 nafar ukrainalik bola o‘lgan – Zelenskiy (video)

Olam

image

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri kamida 707 nafar ukrainalik bola halok bo‘lgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 4 iyun – Agressiya qurbonlari bo‘lgan begunoh bolalarni xalqaro xotirlash kuni munosabati bilan X ijtimoiy tarmog‘idagi qilgan murojaatida ma’lum qildi.

“4 iyun – urush va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalar xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro kun. Keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Rossiya kamida 707 nafar kichik ukrainalikning hayotiga zomin bo‘ldi. Har bir o‘lim – kelajagi tortib olingan boladir. Rossiya bu jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishi kerak”, deydi Zelenskiy.

Ukraina rahbari har bir halok bo‘lgan bolaning taqdiri ortida yo‘qotilgan orzular va barbod bo‘lgan kelajak turganini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni ushbu jinoyatlarga huquqiy baho berishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning ildizlari aslida 2014 yilning bahoriga borib taqaladi. O‘shanda Ukrainadagi siyosiy o‘zgarishlar ortidan Rossiya Qrim yarim orolini o‘z tarkibiga qo‘shib olgandi va Donbass hududida uzoq yillar davom etgan mahalliy to‘qnashuvlar olovi yoqildi. Biroq vaziyat 2022 yil 24 fevral kuni butunlay o‘zgarib ketdi, chunki aynan shu kuni Rossiya rasmiylari tomonidan “maxsus harbiy operatsiya” e’lon qilinib, Ukraina tuproqlariga har tomonlama keng ko‘lamli bosqin boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “dunyodagi barcha nizolar tugashini kutib o‘tirmaslik” uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vladimir Zelenskiy bolalar Urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing