Fransiyada rekord darajadagi jazirama oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
23 iyun 2394 2 daqiqa
Fransiyada ikki kun davom etgan kuchli issiq havo oqibatida 18 kishi vafot etdi. 22 iyun kuni mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati 40 darajadan oshib ketdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Agentlik xabariga ko‘ra, qurbonlar orasida ikki va to‘rt yoshli ikki nafar bola ham bor. Ular yopiq avtomobil ichida hushidan ketgan. Yana uch kishi – 80 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar issiq urishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Qolgan 13 kishi esa cho‘milish uchun xavfli joylarga kirib, cho‘kib ketgan.
Bordo hududida harorat 41,9 darajaga yetib, o‘tgan yil avgustida qayd etilgan rekordni yangilagan. Fransiyaning markaziy qismidagi Puate shahrida esa harorat 41,2 darajani tashkil etdi. Bu 1947 yilda o‘rnatilgan avvalgi rekorddan yuqori ko‘rsatkichdir.
Yangi harorat rekordlari Yevropaning boshqa davlatlarida ham qayd etildi. Ispaniyaning San-Sebastyan shahrida harorat 40 darajaga yetdi. “Reuters”ning Climate Monitor ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 22 iyun uchun tarixiy o‘rtacha haroratdan ikki baravardan ko‘proq yuqori.
Buyuk Britaniya meteorologiya xizmati ayrim hududlarda hafta oxirigacha havo harorati 39 darajadan oshishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu 1957 va 1976 yillarda qayd etilgan 35,6 darajalik rekordning yangilanishiga olib kelishi mumkin.
Italiyada esa kecha, 22 iyun kuni 12 shaharda jazirama sabab eng yuqori – qizil darajadagi xavf e’lon qilingan.
Belgiyada anomal issiq ob-havo yovvoyi qushlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yovvoyi hayvonlarni reabilitatsiya qilish markazi ma’lumotiga ko‘ra, tomlar karnizi ostida uya quradigan ko‘plab qushlar yuqori haroratdan zarar ko‘rgan. So‘nggi uch kun ichida Templu shahridagi boshpanaga 150 ta hayvon olib kelingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada anomal issiqlik yetti kishining o‘limiga sabab bo‘lgandi. Bir qator hududlarda harorat rekord darajaga ko‘tarilgan, o‘nlab odamlar shifoxonalarga yotqizilgan.
Live
Barchasi