Sel tufayli Surxondaryoni Tojikiston bilan bog‘lovchi ko‘prik o‘pirilib tushdi (video)

3-sahifa

image

Kecha, 21 iyun kuni tog‘li hududlardagi kuchli yog‘ingarchiliklar sababli Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hududidan oqib o‘tuvchi Obizarang daryosida suv oqimi keskin oshdi va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prik qulab tushdi. Bu haqda tuman hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ko‘p suv Anorzor mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Obizarang daryosi ustidagi M-41 “Bishkek – Dushanbe – Termiz” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining 1449-kilometrida joylashgan ko‘prikka zarar yetgan.

Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, ko‘prik konstruksiyalarida shikastlanishlar aniqlangan bo‘lib, xavfsizlik nuqtai nazaridan mazkur yo‘nalishda transport harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

Mazkur ko‘prik 1977 yilda qurilgan bo‘lib, uzunligi 54,7 metrni tashkil etadi. U Tojikiston Respublikasi bilan bog‘lovchi muhim transport yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ko‘prik orqali soatiga o‘rtacha 600–800 ta avtotransport vositasi harakatlanadi.

Mutaxassislarning dastlabki baholashlariga ko‘ra, daryoda suv sathi va oqim tezligining keskin ortishi ko‘prik tayanchlariga yuqori bosim tushirgan.

Hozirda avtotransport harakati Uzun tumani hududidagi Do‘stlik, Yangi yo‘l va Qarashiq mahallalari orqali o‘tuvchi aylanma yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan.

“Ayni paytda Surxondaryo viloyati va tuman rahbariyati, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi viloyat boshqarmasi mas’ullari, tegishli mutasaddi tashkilotlar hamda soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh voqea joyida ish olib bormoqda. Mutaxassislar tomonidan ko‘prikning texnik holati o‘rganilmoqda, yetkazilgan zarar ko‘lami baholanmoqda hamda transport qatnovini tiklash bo‘yicha zarur muhandislik chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda. Vaziyat nazorat ostida. Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar belgilangan tartibda taqdim etib boriladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlarining ayrim tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari yuzaga kelishi tufayli 3 ta yengil avtomobil sel oqimiga tushib, oqib ketgan yedi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing