“Tolibon” ayrimlarga smartfondan foydalanishni taqiqladi
Olam
−
09 iyun 1521 2 daqiqa
“Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda guruh a’zolari va hukumat xodimlari uchun smartfonlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha yangi og‘zaki buyruq berdi. Bu haqda “Afghanistan International” xabar berdi.
Hujjatda ushbu taqiqni buzganlar jinoyatchi sifatida ko‘rilishi va ular harbiy sudga tortilishi mumkinligi ogohlantirilgan.
Mazkur buyruq “Tolibon” tomonidan mamlakatning sakkiz hududida faoliyat yurituvchi harbiy sud rahbarlariga tarqatilgan. Shuningdek, ushbu hududlardagi boshqa guruh a’zolari ham xabardor qilingan.
Hujjatga ko‘ra, harbiy sud vakillariga buyruqni to‘liq bajarilishini ta’minlash va “Tolibon” rahbariyatiga uning ijrosi haqida kafolat berish topshirilgan. Bundan tashqari, maxsus nazorat ro‘yxati tuzilgan bo‘lib, unda har bir nazorat ostidagi shaxsning ismi, lavozimi, ish joyi, mobil tarmog‘i va telefon raqami qayd etiladi.
Shuningdek, rasmiylarga o‘z qo‘l ostidagi xodimlar va xizmatchilar orasida ushbu buyruq bajarilganini tasdiqlash topshirilgan.
Avvalroq, “Tolibon” talabalar va madrasa o‘quvchilariga maktabga telefon olib kelmaslikni buyurgan.
Shuningdek, “Tolibon” smartfonlarni “musulmonlarning uch asosiy dushmanidan biri” deb ta’riflagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning Hirot viloyatida “fazilatni targ‘ib qilish va yomonlikning oldini olish” bo‘yicha “Tolibon” guruhi ayollar kiyinish qoidalariga rioya qilinishi shartligi haqida ogohlantirish bergandi. Ushbu ko‘rsatmaga ko‘ra, oiladagi erkaklar ayollarning jamoat joylarida hijob qoidalariga qat’iy amal qilishini ta’minlashi kerak. Ayollar yuzini to‘liq yopmasdan, ibodat ro‘molisiz, tor kiyimda yoki pardoz bilan ko‘chaga chiqsa, “Tolibon”ning axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinishi va ayollar uchun mo‘ljallangan maxsus qamoqxonalarga yuborilishi mumkinligi aytilgan.
Live
Barchasi