“Tolibon” yuzini yopmagan ayollarni qamoqqa olish bilan ogohlantirdi

Olam

image

Afg‘onistonning Hirot viloyatida “fazilatni targ‘ib qilish va yomonlikning oldini olish” bo‘yicha “Tolibon” guruhi ayollar kiyinish qoidalariga rioya qilinishi shartligi haqida ogohlantirish berdi. Bu haqda “Amu TV” xabar berdi.

Ushbu ko‘rsatmaga ko‘ra, oiladagi erkaklar ayollarning jamoat joylarida hijob qoidalariga qat’iy amal qilishini ta’minlashi kerak. Ayollar yuzini to‘liq yopmasdan, ibodat ro‘molisiz, tor kiyimda yoki pardoz bilan ko‘chaga chiqsa, “Tolibon”ning axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinishi va ayollar uchun mo‘ljallangan maxsus qamoqxonalarga yuborilishi mumkinligi aytilgan.

Hujjatda “Tolibon”ning “Fazilatni targ‘ib qilish va yomonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi qonuniga tayangan holda, kiyinish qoidalarini buzgan holatlarda erkak qarindoshlar ham javobgar bo‘lishi mumkinligi va bunga nisbatan huquqiy choralar ko‘rilishi mumkinligi qayd etilgan.

Mahalliy aholi ma’lumotiga ko‘ra, Hirotda so‘nggi haftalarda axloq politsiyasi nazorati kuchaygan, turli hududlarda nazorat punktlari o‘rnatilib, transport vositalari to‘xtatilib, ayollarning kiyimi tekshirilgan. Ularga kiyinish talablarga mos emasligi haqida ogohlantirishlar berilgani aytilmoqda.

Xuddi shunga o‘xshash cheklovlar Qobul va Afg‘onistonning boshqa hududlarida ham joriy etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda “Tolibon” muvaqqat hukumati nikoh va oilaviy munosabatlarga oid yangi qonunni qabul qilgandi. Hujjatdagi eng bahsli bandga ko‘ra, balog‘at yoshiga yetgan “bokira qiz”ning sukut saqlashi nikohga rozilik sifatida talqin qilinadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing