Tramp Si Szinpinni AQSHga taklif qildi. Rais rozi bo‘ldi
Olam
−
15 may 2368 2 daqiqa
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin joriy yilning kuzida davlat tashrifi bilan AQSHda bo‘ladi. Bu haqda bugun, 15 may kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I ma’lum qildi.
“Prezident Trampning taklifiga binoan Rais Si Szinpin shu yilning kuzida davlat tashrifi bilan AQSHga boradi”, deydi Van I.
Xitoy TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar “Xitoy va AQSH o‘rtasidagi konstruktiv va strategik barqaror munosabatlar”ning yangi formati bo‘yicha kelishib olgan. Van I Pekin va Vashington savdo, diplomatiya, harbiy soha, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va gumanitar almashinuvlar yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish istagida ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Si Szinpin oxirgi marta AQSHga 2023 yilning noyabr oyida borgan edi. O‘shanda u San-Fransisko shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida ishtirok etgan va sammit doirasida AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jo Bayden bilan uchrashgan. Agar rasmiy davlat tashrifi va Oq uyga tashrif nazarda tutilsa, bu ancha avval – 2015 yilning sentyabr oyida, Barak Obama prezidentligi davrida amalga oshirilgan. Shu yilning kuziga rejalashtirilayotgan tashrif Si Szinpinning so‘nggi 3 yil ichida AQSHga ilk safari, Oq uyga esa oxirgi 11 yildagi birinchi davlat tashrifi bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp 13 may kuni Xitoyga yetib borgan edi. Bu uning 2017 yildan beri XXRga ilk tashrifi bo‘ldi. Ikki yetakchining dastlabki muzokaralari 14 may kuni bo‘lib o‘tdi va ikki soatdan ko‘proq davom etdi. Tramp va Si Vashington hamda Tehron o‘rtasidagi nizoni, savdo cheklovlarini, shuningdek, Tayvan masalasini muhokama qildi. Trampning Xitoyga tashrifining uchinchi kuni – bugun, 15 mayda davlat rahbarlari Si Szinpinning davlat qarorgohida uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng Tramp tomonlar “fantastik savdo bitimlari”ni imzolaganini e’lon qildi.
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may