Sanepidqo‘mita o‘zbekistonliklarni Nipah virusi bo‘yicha ogohlantirdi
Jamiyat
−
26 yanvar 25951 2 daqiqa
Avvalroq, Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida vaksina va davosi mavjud bo‘lmagan o‘ta xavfli Nipah virusi tarqalgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi mazkur virus bo‘yicha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Nipah virusi zoonoz kasallik bo‘lib hayvonlardan insonga yuqadi masalan, ko‘rshapalaklardan. Shuningdek, zararlangan oziq-ovqat orqali va odamdan-odamga yuqishi ham mumkin.
Nipah virusi – bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan jiddiy kasallikni keltirib chiqaradigan virus turi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda ushbu virus epidemiyalari muntazam ravishda Hindistonda kuzatilmoqda, shu bilan birga inson kasalligi holatlari Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham ro‘yxatga olingan.
“Nipah virusi O‘zbekistonda qayd etilmagan. Epidemiologik vaziyat barqaror!” deyiladi xabarda.
Ushbu kasallikni O‘zbekistonga kirib kelish ehtimol juda past bo‘lsada Hindistonga borishga chog‘langan o‘zbekistonliklarga mazkur virusdan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish muhimligi eslatib o‘tiladi:
- shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish;
- qo‘llarni sovun bilan yaxshilab yuvish;
- antiseptik vositalardan foydalanish;
- mevalar va sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval yuvish;
- tekshirilmagan suvni ichmaslik;
- asosiysi ko‘rshapalaklar tirnashi yoki tishlashi oqibatida teshilgan mevalarni iste’mol qilmaslik.
Agar yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i, qo‘ng‘iroq yoki boshqa kasallik belgilari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.
Mamlakatda epidemiologik vaziyatni barqaror ushlash hamda chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni oldini olish maqsadida 54 ta chegara punktlarida doimiy nazorat olib borilmoqda.
Har qanday kasallikning oldini olishda belgilangan qoida va tavsiyalarga amal qilish muhim.
Live
Barchasi