Qozog‘iston Nipah virusi sababli chegarada nazoratni kuchaytirdi
Olam
−
09 fevral 678 2 daqiqa
Bugun, 9 fevral kuni Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) Nipah virusi bo‘yicha yangi bayonot bilan chiqib, mamlakat aholisini barcha chegara punktlarida nazorat kuchaytirilgani haqida ogohlantirdi. Bu haqda SSVga tayanib, “Nur.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Janubi-Sharqiy Osiyoning qator mamlakatlarida Nipah virusi bo‘yicha epidemiologik vaziyat murakkablashgani munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi davlat chegarasidagi barcha o‘tkazish punktlarida sanitariya-karantin nazorati kuchaytirilgan.
“Ushbu infeksiya bo‘yicha noqulay hisoblangan mamlakatlardan, jumladan, Hindistondan kelayotgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday mamlakatlar ro‘yxati muntazam ravishda yangilanadi.
Xalqaro aeroportlarda jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlarga javob berish bo‘yicha idoralararo o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi SSV xabarida.
Shuningdek, vazirlik tibbiyot muassasalari yuqori tayyorgarlik rejimiga o‘tkazilganini, dori vositalari, shaxsiy himoya vositalari va dezinfeksiya preparatlari zaxiralari bilan ta’minlanganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida Nipah virusining o‘lim bilan kechuvchi holati qayd etilgani haqida xabar berilgan edi. G‘arbiy Bengaliya shtatida ushbu virus bilan kasallanishning besh holati aniqlangan bo‘lib, ulardan uchtasi o‘tgan hafta qayd etilgan. Xususan, shifokor, hamshira va tibbiyot muassasasi xodimi zararlangan.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, mamlakatda Nipah virusi bilan kasallanish holatlari hamda uning hududga kirib kelishi qayd etilmagan. Shuningdek, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqaror va to‘liq nazorat ostida.
Mazkur virus ortidan O‘zbekistonga Hindistondan hayvonlar va qushlarni olib kelish taqiqlandi.