Atamboyevning o‘g‘li va muxolifat vakillari hibsga olindi (video)
Olam
−
23 noyabr 7140 4 daqiqa
Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari kecha, 22 noyabr kuni ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rishda gumon qilib bir necha kishini so‘roqqa olib ketdi, ba’zilari hibsga olindi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ular Jogorku Keneshga saylovlardan keyin ommaviy tartibsizliklar tayyorlayotgan buzg‘unchi guruhning bir qismi bo‘lgan. Saylov 30 noyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh tarkibiga siyosiy arboblar, sobiq deputatlar, sobiq davlat xizmatchilari va huquq-tartibot idoralari xodimlari kirgan bo‘lib, ular o‘z tarafdorlarini, jumladan, uyushgan jinoiy guruhlar va sport jamoalari vakillarini jalb qilgan.
Nashrga ko‘ra, qo‘lga olinganlar saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin janubdan boshlab, keyin Bishkek va viloyatlarda ommaviy norozilik ko‘rinishini yaratib, butun mamlakat bo‘ylab bir qator mitinglar o‘tkazishni rejalashtirgan. Ularning rejalarida konstitutsiyaga zid chaqiriqlar, shuningdek, ma’muriy binolar, telekanallar, xavfsizlik kuchlari ob’ektlari, qurol-yarog‘lar va jazoni o‘tash muassasalarini tortib olish ehtimoli bor bo‘lgan.
“Guruh aniq iyerarxiyaga va belgilangan rollarga ega edi. “Muvofiqlashtiruvchi guruhlar” siyosiy talablar qo‘yishi, jinoiy tashkilotlar esa xavfsizlikni ta’minlashi kerak edi. Ayrim a’zolar kelajakdagi lavozimlarni oldindan belgilagan”, deyiladi hisobotda.
Hibsga olinganlar orasida siyosatchi Temirlan Sultonbekov, Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning 32 yoshli o‘gli Qodir Atamboyev, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash davlat xizmatining sobiq rahbari Syimik Japikeev va boshqalar bor. Ularning uylarida tintuv o‘tkazilgan.
Sobiq deputatlar Kubanichbek Qodirov va Shaylobek Atazovlarning uylarida ham tintuvlar o‘tkazilgan. Qodirovga ko‘ra, bu ommaviy tartibsizliklar bilan bog‘liq. Sobiq prezident Almazbek Atamboyevning rafiqasi Raisa so‘roq qilinmoqda. Atamboyevning qizi Aliya Shagiyeva vaziyatni “siyosiy ta’qib, inson huquqlarining poymol qilinishi va so‘z erkinligining buzilishi” deya baholadi.
Hibsga olinganlarga Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rish) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ayblanuvchilar vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
Tintuv chog‘ida Ichki ishlar vazirligi tomonidan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, granatalar, aloqa vositalari, 150 ming AQSH dollari, ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlar, chora-tadbirlar rejasi va giyohvandlik vositalari olib qo‘yildi.









Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha buzg‘unchi guruh faoliyatini moliyalashtirgan boshqa ishtirokchilar va shaxslarni aniqlash bo‘yicha qator tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Oldinroq Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev oila a’zolari Atamboyevlar oilasiga tegishli bo‘lgan Qo‘y-Toshdagi uyidan haydab chiqarilgandi. Shundan so‘ng, Atamboyevning o‘g‘li Qodir Atamboyev uyidan haydab chiqarilgani sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilgandi.
Atamboyevning hibsga olinishi
Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yilning 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan, politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan.
Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yilu 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi.
Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Joriy yilning 3 iyun kuni esa Bishkekning Pervomay tuman sudi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha hukm chiqardi. Sobiq prezident Almazbek Atamboyev mol-mulki musodara qilinib, davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda 11 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ishdagi boshqa ayblanuvchilarga ham turli muddatlar berildi. Ammo oradan bir qancha vaqt o‘tib, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berdi va uni afv etishga tayyorligini aytdi.
Live
Barchasi