Moskvada migrantlar belkurak va tayoqlar bilan ommaviy mushtlashdi (video)

Olam

image

Rossiyaning Moskva shahridagi Prokshino turarjoy majmuasida tayoq va belkurak bilan qurollangan migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Buni Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasi ham tasdiqladi.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda ularning tayoq, belkurak va yo‘l belgilari tushirilgan ustunlardan foydalanib urushayotganini ko‘rish mumkin. Kommunarka tumanida bir guruh odamlar o‘rtasida nizo kelib chiqqani haqida politsiyaga fuqarolardan xabar kelib tushgan.

“Hozirda voqea joyida Moskva politsiyasi xodimlaridan iborat keng qamrovli guruh ishlamoqda. Hodisa sabablari, ishtirokchilari va qo‘zg‘atuvchilar aniqlanmoqda. Ushbu surishtiruvlar natijalariga ko‘ra, tergov o‘tkaziladi, shundan so‘ng politsiya qonunga muvofiq qaror qabul qiladi”, deyiladi xabarda.

Guvohlarning xabar berishicha, ishchilar turarjoy majmuasi atrofida tayoq ko‘tarib yugurib, ularni bir-biriga uloqtirgan. Mahalliy aholidan birining so‘zlariga ko‘ra, mojaro bir kun avval boshlangan bo‘lsa, bugun u to‘liq to‘qnashuvga aylangan. Gumonlanuvchilar ishlab chiqaruvchining pudratchilari va xususiy ta’mirchilar vakillari bo‘lib, ular ko‘pincha migrantlarga o‘z xizmatlarini taklif qiladi. Aholi mojaroni mijozlar uchun raqobat bilan bog‘lagan.

Xabarda migrantlar qaysi davlatdan ekani haqida ma’lumot berilmagan.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Primorsk o‘lkasida joylashgan Arsenev shahridagi qurilish maydonida Shimoliy Koreya va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgan edi. Qolaversa, Rossiyaning Krasnoyarsk shahri Leninskiy tumanidagi qurilish tashkiloti xodimlari, ya’ni o‘zbekistonliklar va xitoyliklar o‘rtasida janjal kelib chiqqandi.

Joriy yilning 26 avgust kuni esa Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri yaqinidagi Yanino-1 aholi yashash punktida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida yirik janjal yuz bergandi. 16 sentyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi qurilish maydonida tomni ta’mirlash ishlari va qurilish materiallari bo‘yicha kelib chiqqan kelishmovchilik ortidan markaziy osiyolik migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Moskva migrantlar mushtlashuv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing