Hindistonda yo‘tal dorisidan bolalar vafot etdi
Olam
−
07 Oktabr 3262 3 daqiqa
Hindistonning Madxya-Pradesh shtatida yo‘tal siropi qabul qilgan 14 nafar bola vafot etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, bu holat dori ishlab chiqarish jarayonida sifat nazorati standartlariga rioya qilinmasligidan vujudga kelgan.
Holat bo‘yicha ishlab chiqaruvchi kompaniyaga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish Hindistonning Srisan Pharmaceuticals farmatsevtika kompaniyasiga nisbatan ochilgan. Kompaniyaning yo‘tal siropi tekshirilganda, unda asosiy erituvchi bo‘lgan propilenglikol o‘rniga ishlatiladigan zaharli modda – diatilen glikolning ortiqcha miqdori aniqlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi yo‘tal siroplarini, ayniqsa, bolalarda ehtiyotkorlik bilan ishlatishga chaqirgan. Hozirda qoidalarni qat’iylashtirish, dori vositalari sifatini yaxshilash va ularning bolalarda qo‘llanishi bo‘yicha choralar ko‘rish masalasi muhokama qilinmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, Hindiston ko‘p yillardan beri ifloslangan yo‘tal siroplari bilan bog‘liq muammo bilan kurashib kelmoqda. Bunday siroplar, ayniqsa, besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda, buyraklarning jiddiy zararlanishiga va ko‘plab o‘lim holatlariga olib kelgan. So‘nggi 20 yil ichida bu borada ko‘plab holatlar qayd etilgan. Jumladan, 2022 yilda Gambiyada Hindistondan import qilingan yo‘tal siropi tufayli 60 dan ortiq bola halok bo‘lgan edi.
Shuningdek, hindistonlik shifokor Tarachand Yogi bu sirop bolalar uchun xavfsizligini isbotlash maqsadida o‘zi ichishga qaror qilgan. Ammo bir necha soat o‘tib u hushsiz holda topilgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, vafot etgan bolalarga dorini ushbu shifokor tavsiya qilgan.
“Dok-1 Maks” ishi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonda 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng, vazirlik bu voqea haqida hech qanday bayonot bermadi. Joriy yilning avgust oyiga kelib, Oliy sud matbuot xizmati “Dok-1 Maks” siropidan zaharlanish oqibatida vafot etgan bolalar SSV aytganidek 20 nafar emas, balki 65 nafar ekanini bildirdi.
Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi esa dori vositalari ishlab chiqarishda sanoat darajasida ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangani ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, sodir etilgan jinoyatlarda umumiy hisobda 21 kishi ayblanmoqda. Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining jami 11 moddasida nazarda tutilgan ayblovlar qo‘yilgan. Bular:
- 1. 184-modda – soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;
- 2. 28-modda – jinoyat ishtirokchilarining turlari;
- 3. 186-3-modda – Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish;
- 4. 25-modda – jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish;
- 5. 205-modda – hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
- 6. 207-modda – mansabga sovuqqonlik bilan qarash;
- 7. 209-modda – mansab soxtakorligi;
- 8. 210-modda –pora olish;
- 9. 211-modda – pora berish;
- 10. 212-modda – pora olish-berishda vositachilik qilish;
- 11. 228-modda – hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish.
Live
Barchasi