YouTube Trampni bloklagani uchun katta miqdorda pul to‘laydi
Olam
−
30 Sentabr 4511 2 daqiqa
YouTube videoxostingi 2021 yilda AQSH Prezidenti Donald Trampning hisobini vaqtincha bloklash bilan bog‘liq sud da’vosini hal qilish uchun 24,5 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, summaning 22 million dollari Oq uyda bal zali qurilishiga mas’ul bo‘lgan Trust for the National Mall tashkilotiga yo‘naltiriladi. Qolgan pul esa yozuvchi Naomi Vulf va Amerika konservativ ittifoqi kabi ish bo‘yicha boshqa da’vogarlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Ma’lumot uchun, YouTube’ga egalik qiluvchi Alphabet kompaniyasi Donald Tramp bilan sud mojarosini hal qilgan uchinchi yirik texnologik kompaniya bo‘ldi. Joriy yilning yanvarida Meta Platforms Amerika Prezidentining Facebook’dagi hisobini vaqtincha bloklab qo‘yish bilan bog‘liq da’voni hal qilish uchun 25 million dollar to‘lashga rozi bo‘lgan. X kompaniyasi esa Oq uy rahbarining Twitter’ga qarshi kiritgan da’vosini 10 million dollar evaziga hal qilishga rozi bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Donald Trampning Facebook, Instagram, YouTube va Twitter’dagi hisoblari 2021 yil 6 yanvarda uning tarafdorlari prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi bo‘lib, Kapitoliy binosiga bostirib kirgach bloklangan edi. Ijtimoiy tarmoqlar rahbariyati uning xabarlari bu aksiyaga yon bosgan deb hisoblagan.
Esaltib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp TikTok bo‘yicha bitimga oid farmonni imzolagandi. Shu orqali kompaniya Amerika korporatsiyalari nazoratiga o‘tadi va mamlakat hududida faoliyatini davom ettira oladi. Kompaniya 14 milliard dollarga baholangan.
Live
Barchasi