Tramp rekord darajadagi mudofaa byudjetini imzoladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatning 2026-moliya yili uchun mudofaa byudjetini imzoladi, unda rekord darajadagi 901 milliard dollar miqdorida harbiy xarajatlar ko‘zda tutilgan.  Bu haqda kecha, 18 dekabr kuni Oq uy e’lon qildi.

Tramp kuch orqali tinchlikni ushlab turishini, Milliy mudofaa vakolatlari to‘g‘risidagi qonun (NDAA) Amerikani ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilishi kerakligini ma’lum qildi.

 “Bu harbiy departamentga mening “Kuch orqali tinchlik” siyosatimni amalga oshirish, vatanni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish va mudofaa sanoati bazasini mustahkamlash imkonini beradi, shu bilan birga mamlakatimiz harbiylarining ruhini pasaytiradigan isrofgarchilik va radikal dasturlarni moliyalashtirishga chek qo‘yadi”, dedi Tramp Oq uy veb-saytida chop etilgan bayonotda.

AQSH Vakillar palatasi NDAA'ni 11 dekabr kuni ma’qulladi va Senat qonun loyihasini 17 dekabr kuni qabul qildi. Hujjat harbiy xizmatchilarning ish haqini 3,8 foizga oshirishni, harbiy texnika sotib olishni va AQSHning asosiy raqobatchilari – Xitoy va Rossiyaga qarshi raqobatbardoshligini oshirish choralarini ko‘zda tutadi.

2026 yilgi mudofaa byudjeti Yevropada xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan bir nechta qoidalarni o‘z ichiga oladi, bu esa shu oy boshida Tramp tomonidan taqdim etilgan AQSH Milliy xavfsizlik strategiyasiga zid keladi. Umuman olganda, AQSHning 901 milliard dollarlik mudofaa byudjeti prezidentning ushbu ehtiyojlar uchun so‘rovidan 8 milliard dollarga ko‘p.

Tramp Kongressdan 2026 yilda harbiy xarajatlar uchun 892,6 milliard dollar ajratishni so‘radi. Senat dastlab uni 925 milliard dollargacha oshirishni taklif qildi, Vakillar palatasi esa Trampning taklifi bilan bir xil miqdorni qo‘llab-quvvatladi. 30 sentyabrda tugagan 2025 moliya yilida AQSH mudofaa byudjeti 884 milliard dollarni tashkil etdi.

Shuningdek, hujjatda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u berilgan. Qonunda Ukraina Xavfsizligiga Yordam Tashabbusi (USAI) orqali keyingi ikki yil ichida har biri 400 million dollardan 800 million dollar ajratish ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘lar Amerika kompaniyalari orqali Ukraina Qurolli Kuchlari uchun qurol sotib olish uchun ishlatiladi.

Boltiqbo‘yi davlatlari –  Estoniya, Latviya va Litva mudofaasi uchun yana 175 million dollar ajratilgan. Bundan tashqari, qonun AQSH Mudofaa vazirligining Yevropadagi Amerika qo‘shinlari sonini 76 000 dan kamaytirish imkoniyatini cheklaydi. Yevropadagi AQSH qo‘mondoniga NATOning Oliy Ittifoqdosh Qo‘mondoni lavozimidan voz kechish taqiqlangan.

Ma’lumot o‘rnida, Qonun loyihasida Trampning AQSH Mudofaa vazirligi nomini "Urush vazirligi" deb o‘zgartirish taklifi tilga olinmagan. AQSH ma’muriyati allaqachon bu nomdan foydalanayotgan bo‘lsa-da, Mudofaa vaziri Pit Hegset o‘zini "Urush bo‘yicha davlat kotibi" deb atasa-da, o‘zgartirish rasman Kongress tomonidan tasdiqlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

byudjet Donal'd Tramp mudofaa NDAA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing