Pezeshkiyon Nyu-Yorkdagi sessiyada AQSH va Isroilni qoraladi
Olam
−
25 Sentabr 7638 2 daqiqa
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon arab davlatlariga qarshi uyushtirilayotgan hujumlarni qoralab, barchasiga AQSH va Isroil aybdor ekani va ular javob berishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda Eron Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida aytib o‘tdi.
U o‘z chiqishida haqiqiy xavfsizlik kuch ishlatish orqali emas, balki ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro hurmat orqali ta’minlanishini ta’kidlagan.
Pezeshkiyon AQSH va Isroil tomonidan Eronga uyushtirilgan harbiy hujumlarni diplomatiya va tinchlikka nisbatan “katta xiyonat” deb atagan hamda G‘azo sektoridagi “genotsid” va “Katta Isroil” konsepsiyasini qoralagan.
Eron Prezidenti, shuningdek, G‘arb davlatlarini Eron yadroviy kelishuvini izdan chiqarishda ayblagan. U rasmiy Tehron hech qachon yadroviy qurol ishlab chiqishga intilmagani va bunday maqsadga ega emasligini yana bir bor tasdiqlagan.
Nutq davomida Pezeshkiyon G‘azodagi “genotsid”, Livan va Suriya infratuzilmasining vayron qilinishi, Yaman xalqiga qarshi hujumlar va bolalar ochlikka mahkum qilinayotganini misol qilib keltirib, bu jarayonlarda Isroil va AQSHni asosiy aybdor sifatida tilga olgan. Unga ko‘ra, mazkur tajovuzkorlik nafaqat Eron, balki butun mintaqa barqarorligiga tahdid solmoqda.
Pezeshkiyon Eron xalqining tarixiy sabr-toqati va milliy birligini alohida qayd etgan.
“Eron hech qachon bosqinchilarga bo‘yin egmagan, bugun ham iymon va birlikka tayanib, tajovuzkorlarga qarshi tik turibdi”, deya urg‘ulagan davlat rahbari.
Prezident mintaqada “qudrat kuch orqali emas, balki tinchlik orqali” tamoyiliga asoslangan kelajakni ilgari surgan. U kollektiv xavfsizlik, inson qadr-qimmati, iqtisodiy hamkorlik, energiya resurslaridan adolatli foydalanish va ekologiyani muhofaza qilishni o‘z ichiga olgan konsepsiyani taklif qilgan.
Eron rahbari, shuningdek, mintaqaviy mojarolarga to‘xtalib, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlashini, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni adolatli va barqaror kelishuv orqali yakunlashga umid bildirishini, shuningdek, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasidagi mudofaa shartnomasini mintaqaviy xavfsizlik tizimi sari muhim qadam sifatida e’tirof etgan.
So‘zining yakunida Pezeshkiyon tinchliksevar davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mas’ud Pezeshkiyon davlat televideniyesi orqali mamlakati har qanday “snepbek” jarayoni orqali sanksiyalar qayta joriy etilsa ham, ularni yengib o‘ta olishini ta’kidlagandi. Uning bu bayonoti BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga nisbatan sanksiyalarni doimiy ravishda bekor qilishni rad etganidan so‘ng yangragan.
Live
Barchasi