Xitoy Ko‘rfaz davlatlarini erkin savdo kelishuvini imzolashga chaqirdi

Olam

image

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashini Xitoy bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha ko‘p yillardan beri davom etib kelayotgan muzokaralarni yakunlashga da’vat qildi. Uning ta’kidlashicha, proteksionizm va yakkaxokimlik kayfiyati kuchayib, erkin savdo “hujum ostida” qolayotgan bir paytda bu masala ayni paytda ayniqsa dolzarb. Bu haqda bugun, 15 dekabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi. 

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Yaqin Sharqqa uch davlatni qamrab olgan safarni amalga oshirmoqda. Safar Birlashgan Arab Amirliklaridan boshlangan bo‘lib, Iordaniyada yakunlanishi kutilmoqda. Kecha, 14 dekabr kuni u Ar-Riyodda Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasem Muhammad Albudeyvi bilan uchrashdi, shuningdek, Saudiya Arabistonining yuqori lavozimli amaldorlari bilan alohida muzokaralar o‘tkazdi.

“Muzokaralar 20 yildan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda, barcha jihatlar bo‘yicha shart-sharoitlar deyarli yetilib bo‘ldi, endi yakuniy qaror qabul qilish vaqti keldi”, degan Van I Albudeyvi bilan uchrashuvda.

Uning aytishicha, erkin savdo kelishuvining muvaffaqiyatli imzolanishi dunyoga “ko‘p tomonlama hamkorlikni himoya qilish” bo‘yicha kuchli signal yuborish bo‘ladi. Van I Xitoy blokning strategik mustaqilligini va muvofiqlashuvini kuchaytirishini, integratsiya jarayonlarini ilgari surishini qo‘llab-quvvatlashini ham ta’kidladi.

Shuningdek, Van I Xitoy iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar va boshqa sohalarda Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Kecha, 14 dekabr kuni Xitoy va Saudiya Arabistoni mintaqaviy hamda xalqaro masalalar yuzasidan yaqinroq aloqa va muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib oldi. Xitoyning rasmiy “Sinxua” axborot agentligi e’lon qilgan qo‘shma bayonotda tomonlar qaysi aniq masalalar bo‘yicha muvofiqlashtirishni kuchaytirishi batafsil ko‘rsatilmagan. Biroq Xitoyning Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashi alohida ta’kidlangan.

“Xitoy Saudiya Arabistonining mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi yetakchi roli va sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, hujjatda ikki davlat Falastin masalasini “keng qamrovli va adolatli hal etish” hamda falastinliklar uchun mustaqil davlat tuzilishini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining bayonotiga ko‘ra, yuqori darajadagi uchrashuvda Van I Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri , shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudga Xitoy doimo Saudiya Arabistonini “Yaqin Sharq diplomatiyasidagi ustuvor yo‘nalish” va global miqyosdagi muhim hamkor sifatida ko‘rib kelishini bildirgan.

Bundan tashqari, u energetika va investitsiyalar, shuningdek, yangi energiya manbalari hamda yashil transformatsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirishga chaqirgan. Qo‘shma bayonotga muvofiq, tomonlar diplomatik va maxsus pasport egalari uchun vizalarni o‘zaro bekor qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Xitoy Birlashgan Arab Amirliklari Iordaniya Persian Gulf

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing