Sanksiyalar qayta joriy etilsa ham, Eron ularni yenga oladi – Pezeshkiyon 

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bugun, 20 sentyabr kuni davlat televideniyesi orqali mamlakati har qanday “snepbek” jarayoni orqali sanksiyalar qayta joriy etilsa ham, ularni yengib o‘ta olishini ta’kidladi. Uning bu bayonoti BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga nisbatan sanksiyalarni doimiy ravishda bekor qilishni rad etganidan so‘ng yangradi.

“Snepbek yo‘lni to‘sadi, ammo aql va fikr yo‘lni ochadi yoki barpo qiladi. Ular bizga to‘sqinlik qila olmaydi. Ular Natanz yoki Fordovni (joriy yil iyun oyida AQSH va Isroil zarba bergan yadro inshootlari) urib yiqitishi mumkin. Lekin ular bilmaydi: Natanzni odamlar qurgan va yana odamlar tiklaydi”, dedi Pezeshkiyon.

Kecha, 19 sentyabr kunigi qaror Britaniya, Fransiya va Germaniyaning o‘tgan oydagi talabidan keyin qabul qilindi. Ular Eronni 2015 yilda dunyo davlatlari bilan tuzilgan yadroviy kelishuv shartlariga amal qilmayotganlikda ayblab, 30 kunlik jarayonni ishga tushirgan edi. Eron esa yadroviy qurol yaratish niyati yo‘qligini ta’kidlaydi.

“Biz hech qachon ortiqcha talablar oldida taslim bo‘lmaymiz, chunki vaziyatni o‘zgartirish qudratiga egamiz”, dedi Pezeshkiyon.

“Snepbek” jarayoni orqali agar Tehron va Yevropa davlatlari bir hafta ichida kechiktirish haqida kelishuvga erisha olmasa, BMT sanksiyalari qayta joriy etiladi. Unda qurol-yarog‘ embargosi, uran boyitish va qayta ishlash taqiqlari, yadroviy qurol tashishi mumkin bo‘lgan ballistik raketalarga oid faoliyat cheklovlari, jahon miqyosida aktivlarni muzlatish va eronlik shaxs hamda tashkilotlarga sayohat taqiqlari qayta kiritiladi.

Kecha, 19 sentyabr kuni 15 a’zoga ega BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalarni doimiy ravishda bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilmadi. Rossiya, Xitoy, Pokiston va Jazoir “ha” deb ovoz berdi, to‘qqiz davlat qarshi chiqdi, ikkisi betaraf qoldi. Bu qaror Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida dunyo yetakchilari, jumladan, Pezeshkiyon ishtirok etayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

“Diplomatiya eshigi yopilgani yo‘q, ammo kim bilan va qay asosda muloqot qilishni Eronning o‘zi hal qiladi. Bu qaror diplomatiyani zaiflashtiradi va tarqalishning oldini olish bo‘yicha xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin”, dedi Eronning BMTdagi elchisi Amir Said Iravaniy ovoz berishdan so‘ng.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchiy kelasi hafta Nyu-Yorkda yevropalik mavqedoshlari bilan uchrashishi kutilmoqda.

Britaniya, Fransiya va Germaniya sanksiyalarni qayta joriy etishni olti oyga kechiktirishga rozi bo‘lishini bildirgan, agar Eron:

  • BMT yadroviy inspektorlariga kirish imkonini tiklasa;
  • boyitilgan uran zaxirasiga oid xavotirlarni bartaraf etsa;
  • AQSH bilan muloqotga kirishsa.

“Biz “yo‘q” deb ovoz berdik, lekin bu haqiqiy diplomatiya imkoniyatlarini to‘smaydi. Sanksiyalarni qayta joriy etish keyinchalik ularni diplomatik yo‘l bilan olib tashlash imkonini istisno etmaydi”, dedi AQSHning muvaqqat elchisi Doroti Shi.

Rossiya va Xitoy Yevropa davlatlarining “snepbek” talabini rad etdi.

“Bu qadam muzokaralarni qayta tiklashga qaratilgan diplomatik harakatlarga zarar yetkazadi va hatto oldindan ko‘ra olmaydigan fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yillar davomida qilingan diplomatik sa’y-harakatlar bir zumda yo‘q bo‘lishi ehtimoli bor”, dedi Xitoyning BMTdagi elchisi Fu Sung.


Maqola muallifi

Teglar

Eron sanktsiya BMT Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing