Ispaniya Isroil sababli JCH-2026 da qatnashmasligi mumkin
Sport
−
18 Sentabr 15645 2 daqiqa
Agar Isroil terma jamoasi saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritsa, amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya milliy terma jamoasi ushbu turnirda qatnashmasligi mumkin. Mamlakat hukumati rasmiylari Isroilning G‘azodagi harakatlari sababli shunday taklif bilan chiqqan. Bu haqda “Gazeta express” nashri xabar berdi.
Isroil milliy terma jamoasi hozirda saralash guruhida uchinchi o‘rinda bormoqda. Ular Norvegiyadan 6 ochko ortda, ammo ikkinchi o‘rindagi Italiya bilan ochkolari teng. Guruh g‘olibi to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionatiga chiqadi, ikkinchi o‘rin egalari esa boshqa guruh natijalariga qarab pley-off bosqichida ishtirok etadi.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches esa Isroilni G‘azodagi harakatlari tufayli xalqaro sport musobaqalaridan chetlashtirishga chaqirmoqda. U 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, FIFA va UEFA’dan chetlatilganini eslatib, Isroilga ham xuddi shunday munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidlagan.
“Isroil o‘z imijini oqlash uchun hech qanday xalqaro musobaqadan foydalana olmaydi”, deydi Sanches.
Ispaniya Kongressidagi Sotsialistik guruh matbuot kotibi Patxi Lopes ham boykot masalasini ko‘tardi. Unga ko‘ra, agar Isroilga qarshi choralar ko‘rilmasa, Ispaniya terma jamoasi Jahon chempionatida qatnashmasligi mumkin.
“Biz buni keyinchalik ko‘rib chiqamiz, ammo agar hech qanday chora ko‘rilmasa, o‘z vaqtida rasmiy so‘rov bo‘lishi mumkin”, deydi Lopes.
Ispaniya Sport vaziri Pilar Alegriya ham Isroilni xalqaro musobaqalardan chetlatish tarafdori ekanini bildirgan.
“Sport real dunyodan mustaqil hudud emas. Inson huquqlari buzilayotgan bir paytda musobaqalar bundan chetda qolishi mumkin emas”, deydi u.
Hozircha FIFA ham, UEFA ham Ispaniya hukumatining bayonotlariga rasmiy munosabat bildirmagan. Shu sababli, Ispaniyaning 2026 yilgi Jahon chempionatida qatnashishi masalasi ochiq qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Ispaniya milliy terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tgan 2022 yilgi Jahon chempionatida nimchorak final bosqichigacha yetib borib, Marokash milliy terma jamoasiga penaltilar seriyasida imkoniyatni qo‘ldan boy bergan va mundial bilan xayrlashgan.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr