Isroil armiyasining radiosi yopiladi

Olam

image

Bugun, 22 dekabr kuni Isroil Vazirlar Mahkamasi mamlakatdagi mashhur milliy radiostansiyalardan biri – Armiya radiosi faoliyatini to‘xtatish uchun ovoz berdi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning o‘ng qanot koalitsiyasi tomonidan ilgari surilgan mazkur qaror tanqidchilar tomonidan demokratiyaga zarba sifatida baholanmoqda. Bu haqda “Haaretz” xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Mudofaa vaziri Isroil Kats Armiya radiosini 2026 yil 1 martga qadar yopishni taklif qilgan. Uning ta’kidlashicha, bu qadam harbiylarning betarafligini saqlab qolish maqsadida tashlangan.

Katsning aytishicha, radiostansiya dastlab Isroil askarlari uchun axborot berish vositasi sifatida tashkil etilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan u “Isroil Mudofaa Kuchlari (SAXAL) va askarlariga qarshi chiqadigan qarashlar uchun platformaga” aylangan.

Armiya radiosi Isroilda davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ikki yirik axborot vositasidan biri hisoblanadi. Ikkinchisi – KAN jamoat teleradiokompaniyasi bo‘lib, u televizion yangiliklar kanali, bir nechta radiostansiyalar hamda ommabop raqamli platformani boshqaradi. Har ikkala OAV ham tahririy jihatdan mustaqil sanaladi.

Mudofaa vazirining ta’kidlashicha, tinch aholiga mo‘ljallangan radioeshittirishlarni armiya tomonidan boshqarilishi har qanday demokratik davlat uchun noodatiy holatdir. Netanyaxu Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida bu borada shunday dedi,

“Bu amaliyot Shimoliy Koreyada va ehtimol yana bir nechta mamlakatlarda mavjud. Biz esa bunday ro‘yxatda bo‘lishni istamaymiz”.

Qarorga nisbatan tanqidlar kuchli bo‘ldi. So‘z erkinligi himoyachilari bu harakat mustaqil ommaviy axborot vositalariga bosim sifatida baholamoqda. Isroil Jurnalistlar ittifoqining matbuot erkinligi bo‘yicha mas’ul xodimi Anat Saragusti Tel-Avivda yuzlab jurnalistlar ishtirokida o‘tgan anjumanda, ular itoatkor ommaviy axborot vositalarini xohlashini tanqidiy OAVni esa xohlamasligini aytishdi.

Shuningdek, Isroildagi korrupsiyaga qarshi mustaqil nazorat organi - “Sifatli hukumat uchun harakat” hukumat qaroriga qarshi Oliy sudga murojaat qilganini ma’lum qildi.

“Davlatga qarashli ommaviy axborot vositasini yopish alohida qadam emas. Bu Isroil demokratiyasiga muntazam zarar yetkazilayotgan xavotirli jarayonning bir qismidir”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Ma’lumot o‘rnida, Netanyaxu koalitsiyasining boshqa tashabbuslari qatoriga milliy xavfsizlikka tahdid soladi deb topilgan OAV faoliyatini cheklash imkonini beruvchi favqulodda qonunni kengaytirish hamda butun Isroil media bozorini qamrab oluvchi islohotlar kiradi. Ushbu qonun avvalroq G‘azo urushi chog‘ida Isroilda Al Jazeera arab telekanali faoliyatini taqiqlash uchun qo‘llanilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

armiya Isroil radio G'azo urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing