Mirziyoyev Xalqaro tinchlik mukofoti laureati bo‘ldi

Olam

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Lev Tolstoy nomidagi ikkinchi Xalqaro tinchlik mukofoti laureati bo‘ldi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mirziyoyevdan tashqari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon ham ikkinchi Xalqaro tinchlik mukofoti laureatlari deb e’lon qilingan. Bu qaror ovoz berish natijasiga ko‘ra qabul qilingan. G‘oliblarni e’lon qilish marosimi Moskvada kecha, 9 sentyabrda – buyuk yozuvchi va faylasuf Lev Tolstoy tavallud topgan kunda bo‘lib o‘tgan. 

“Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro Tinchlik mukofoti hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, 2025 yilda mukofot laureatlari sifatida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev e’lon qilindi. Qaror bir ovozdan qabul qilindi”, degan hakamlar hay’ati raisi, Mariinskiy teatrining badiiy rahbari va bosh direktori Valeriy Gergiyev.

Mukofot tashkiliy qo‘mitasining bildirishicha, uch davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissalari uchun taqdirlangan. Ular 31 mart kuni O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolashganini eslatgan. Bu bilan uch mamlakat o‘z umumiy chegaralarining huquqiy rasmiylashtirilishini yakunlagan va shu orqali xalqaro huquq ustuvorligi asosida umumiy va teng xavfsizlikni ta’minlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga muhim hissa qo‘shgan. 

Xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga Gergiyev boshchiligida Argentina, Belarus, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Janubiy Afrika va Yaponiyadan taniqli siyosiy va jamoat arboblari kirgan.

Ma’lumot uchun, Lev Tolstoy nomidagi ikkinchi Xalqaro tinchlik mukofoti – bu nisbatan yangi mukofot bo‘lib, 2022 yil 22 iyunda ta’sis etilgan. Uni Rossiya Tarixiy jamiyati, Rossiya Harbiy-tarixiy jamiyati va Rossiya Tinchlik jamg‘armasi birgalikda yaratgan. Mukofotning asosiy maqsadi – urushlarning oldini olish, barqaror va ko‘p qutbli dunyo qurish, zo‘ravonliksiz tinchlikni targ‘ib etish hamda faol tinchlikparvarlik faoliyatini rag‘batlantirishdir.

Har yili bu mukofot tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga sezilarli hissa qo‘shgan davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yoki jamoat arboblariga topshiriladi. Masalan, 2024 yilda birinchi mukofot Afrikaning qit’a miqyosidagi tashkiloti – Afrika Ittifoqiga berilgan. 2025 yilda esa Markaziy Osiyo davlatlari – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari bu mukofotga sazovor bo‘ldi. Har yili g‘oliblar 9 sentyabr kuni, ya’ni buyuk rus yozuvchisi Lev Nikolayevich Tolstoy tug‘ilgan kunda e’lon qilinadi.

Tolstoyning nomi bu mukofotga bejiz qo‘yilmagan. Tolstoy asarlarida tinchlik va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Masalan, “Urush va tinchlik” romanida u urush fojialari, insonlarning azobini chuqur tasvirlab, tinch hayot qadriga urg‘u bergan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 mart kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xo‘janddagi uchrashuvda Davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolagandi. Chegaralar tutashgan joy Farg‘ona vodiysida joylashgan bo‘lib, So‘g‘d (Tojikiston), Farg‘ona (O‘zbekiston) va Botken viloyatlarini (Qirg‘iziston) bog‘laydi. Keyinchalik, ushbu shartnoma Sadir Japarov tomonidan ratifikatsiya qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Imomali Rahmon Sadir Japarov Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti Urush va tinchlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing