Mirziyoyev SHHTni “Tolibon” bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi

Jamiyat

image
Rossiya “Tolibon”ni tan oldi. Ko‘zlangan maqsadlar qanday? north_east

Rossiya “Tolibon”ni tan oldi. Ko‘zlangan maqsadlar qanday?

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 1 sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” formatidagi majlisda so‘z ochdi.

“Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olmasdan va xalqaro hamjamiyatning afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqotini yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqamizda barqarorlikni ta’minlash mumkin emas.

Ushbu maqsadga erishish ko‘p jihatdan Afg‘onistonda, umuman, butun mintaqada uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikdan manfaatdor bo‘lgan SHHT davlatlarining siyosiy irodasiga bog‘liq”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Mirziyoyev Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash va u bilan mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish maqsadida SHHTdagi sheriklar bilan keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Qayd etish joiz, Mirziyoyev Afg‘oniston masalasini katta minbarlarda turib ko‘tarib keladi. Masalan, joriy yil  17 iyun kuni Ostona shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitida ham O‘zbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatida Afg‘oniston masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi guruh ta’sis etishni taklif qilgan.  

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida doirasida “Tolibon” muvaqqat hukumatida sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyni qabul qilgandi. Bu O‘zbekiston yetakchisining “Tolibon” rasmiysi bilan birinchi uchrashuvi edi. U 3 iyul kuni Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Shavkat Mirziyoev O'zbekiston ShHT Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing