Putin Alyaskada yonilg‘iga naqd pulda 85 ming dollar to‘ladi
Olam
−
18 avgust 14268 2 daqiqa
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Alyaskaga borgani va AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazgani xabar qilingan edi. Ma’lum bo‘lishicha, sanksiyalar sababli Rossiya delegatsiyasi samolyotlar uchun yonilg‘ini naqd pulda sotib olishga majbur bo‘lgan. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio NBC telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, bu holat Rossiyaning sanksiyalar oqibatida xalqaro bank tizimidan foydalana olmayotganidan dalolat beradi. Rubio Trampning Putin o‘t ochishni to‘xtatishni rad etganiga qaramay, nega darhol yangi sanksiyalar joriy qilmaganiga ham izoh bergan.
“Avvalgi barcha sanksiyalar kuchida qolmoqda va ular o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Masalan, rossiyaliklar Alyaskaga qo‘nganda yonilg‘ini faqat naqd pulga olishga majbur bo‘lishdi. Ular har kuni bunday oqibatlarga duch kelishmoqda”, deydi Rubio.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya aviayo‘lovlar otryadiga tegishli Prezident samolyoti 152 ming 620 litr yonilg‘i sig‘imiga ega. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining “Jet Fuel Price Monitor” portali ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi paytlarda aviayonilg‘i narxi bir gallon (taxminan 3,8 litr) uchun 2,10 dollarni tashkil qilgan. Shunga ko‘ra, bir samolyotni yonilg‘i bilan to‘ldirish uchun Rossiya tomoni, ehtimol, taxminan 85 ming dollar naqd pul to‘lagan.
Uning aytishicha, yangi sanksiyalar joriy etilishi tinchlik muzokaralarining muvaffaqiyatsiz tugaganidan darak beradi.
“Bunday vaqt kelishi mumkin. Ammo u kelganda, bu tinchlikka imkon qolmaganini anglatadi. Urushni tugatishning yagona yo‘li – Rossiya bilan kelishuvga erishish”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda har ikki tomon ham biror narsadan voz kechishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, AQSH Ukrainadan Rossiya nazoratiga olinmagan hududlardan voz kechishni talab qilmaydi.
Rubio, shuningdek, Rossiya tinchlik muzokaralarida Ukraina – suveren davlat ekanini va u o‘zini himoya qilish uchun harbiy ittifoqlarga qo‘shilish huquqiga ega ekanini tan olishiga to‘g‘ri kelishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uyda Tramp bilan uchrashuv arafasida Ukraina Donetsk viloyatining Rossiya egallamagan qismlaridan voz kechmasligini aytgandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr