“Prezident ma’qulladi”. Eski avtomobillardan voz kechish rejalashtirilmoqda
Jamiyat
−
11 iyul 28735 2 daqiqa
O‘zbekiston hududida eskirgan avtomashinalarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish reja qilingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov 9 iyul kuni Prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bizning takliflarimizni muhtaram Prezident ma’qulladi. Gap uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan va eskirgan transport vositalari bo‘yicha olib boriladigan ishlar yo‘nalishini alohida belgilash, qonunchilikka zarur o‘zgartirishlar kiritish haqida bormoqda. Bu borada Senat va Oliy Majlis vakillari bilan hamkorlikda ish olib boramiz”, dedi Sherzod Ibragimov.
Ma’lumot uchun, 9 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Prezident Mirziyoyev ham o‘tgan hafta o‘zi rulga o‘tirib, mashina haydaganida tirbandlikda qolganini aytdi. Shuningdek, O‘zbekistonda endilikda “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushirilishi ma’lum bo‘ldi. Bunda qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa – 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa – 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi. Tezlik uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqib, me’yordan 2-3 karra tez yurganlarni haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, fraksiya rahbari Alisher Qodirov 9 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan takliflar yuzasidan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi qonunlarni o‘zgartirish bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlashini ma’lum qildi. U 40-50 yillik avtomashinalarni bosqichma-bosqich iste’moldan chiqarish – juda to‘g‘ri taklif ekanini yozdi va xatto bu cheklovni 25-30 yilga tushirish ham noto‘g‘ri bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi. Deputatning fikricha, faqat mashinani almashtirish uchun qulay takliflar bo‘lishi kerak.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr