Xitoy Germaniya samolyotiga lazer bilan hujum uyushtirdi
Olam
−
08 iyul 18898 2 daqiqa
Xitoy harbiylari Germaniyaga tegishli samolyotni lazer bilan nishonga oldi. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu voqea 2023 yildan boshlab Yevropa Ittifoqi tomonidan Qizil dengiz, Hind okeani va Fors ko‘rfazida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida boshlangan “Aspides” operatsiyasi doirasida sodir bo‘lgan. Ushbu operatsiya Yamandagi husiylar tomonidan fuqarolik kemalariga uyushtirilayotgan hujumlar fonida yo‘lga qo‘yilgan.
“Nemis harbiy xodimlari hayotiga tahdid va operatsiyaga xalaqit berilishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir. Bugun Xitoy elchisi Den Xunbo Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
“Focus” nashrining yozishicha, voqea joriy yilning iyul oyi boshlarida yuz bergan. Qurolli kuchlar amaliyotida lazer bilan nishonga olish hech bo‘lmaganda tahdidli harakat sifatida baholanadi.
Germaniya Mudofaa vazirligi vakili “Focus”ga bergan izohida Xitoy harbiy kemasi hech qanday sabab va ogohlantirishsiz Qizil dengiz ustida patrul parvozini amalga oshirayotgan nemis samolyotiga lazer nurlarini yo‘naltirgan. Unga ko‘ra, bu samolyot ko‘p sensorli kuzatuv tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, o‘tgan yil oktyabridan buyon “Aspides” missiyasida qatnashmoqda va “uchuvchi ko‘z” sifatida dengiz hududlarini uzoq masofadan razvedka qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Qayd etish joiz, Qo‘shma Shtatlar ham bungacha Xitoy harbiylarini AQSH uchuvchilarini ko‘r qilishga uringanlikda bir necha marta ayblagan. 2018 yilda Pentagon Jibutida shunday uch holat qayd etilganini e’lon qilgan. Har safar lazer nurlari AQSHning Camp Lemonnier bazasiga yaqin joylashgan Xitoy harbiy bazasidan chiqqani aniqlangan. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, ikki nafar AQSH piloti jiddiy jarohat olgan. Vashington Pekinga rasmiy norozilik bildirish bilan birga, hodisani tergov qilishni talab qilgan.
Live
BarchasiNavoiyda Qorbobolar paradi o‘tkazildi
25 dekabr
Mariya Zaxarova 50 yoshga to‘ldi
25 dekabr