Gulnora Karimovaning hibsga olinishi noqonuniy bo‘lganmidi?
Jamiyat
−
05 iyul 5824 3 daqiqa
BMTning Inson huquqlari kengashi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti marhum Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2014 yilda hech qanday ordersiz va tushuntirishlarsiz, o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan deb hisoblamoqda. Bu haqda kengash chiqargan xulosaga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, BMT nomidan gapirmaydigan mustaqil ekspertlar O‘zbekiston hukumatini qonunbuzarliklarni zudlik bilan bartaraf etishga va xalqaro huquq talabiga ko‘ra Karimovaga tovon puli to‘lashga chaqirmoqda. Ular, shuningdek, uning hibsga olinishi holatlari mustaqil tergov qilinishini talab qilmoqda.
“Aybdorlar jazolanishi kerak”, deydi ekspertlar.
BMT Ishchi guruhiga shikoyat Karimovaning Jenevada joylashgan advokatlari tomonidan 2021 yilda berilgan. Ular o‘z mijozlari huquqlarining “tizimli ravishda buzilishi”ni da’vo qilgan. Ularga ko‘ra, Karimova birinchi sudgacha 18 oy uy qamog‘ida saqlangan va sud jarayonlarining o‘zi ham “soxta bo‘lgan”. Advokatlar, shuningdek, Shveysariya va G‘arb sud organlarini “adolatsizlikni qonuniylashtirishda” aybladi.
Ayni paytda, Shveysariyada Karimova yirik miqdordagi pul yuvish bo‘yicha jinoiy ishda ayblanuvchi sifatida qolmoqda. Shveysariya Federal prokuraturasi uning faoliyati va bir qancha kompaniyalari vakillarining faoliyatini tekshirmoqda. Ish doirasida 800 million shveysariya franki muzlatilgan.
Shveysariya ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, ushbu mablag‘larning bir qismini – qariyb 131 million dollarni O‘zbekistonga qaytarishga rozi bo‘ldi. Uzoq davom etgan sud jarayonlaridan so‘ng, 2021 yilda Federal Jinoyat sudi nihoyat Shveysariya foydasiga yana 293 million frankni musodara qilishga qaror qildi.
“Ishchi guruhning xulosasida Karimova va Shveysariyadagi pul yuvishga oid jinoyat ishi bir necha bor tilga olingan. Garchi mazkur xulosa yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, himoyachilar undan Shveysariya prokurorlarining ayblovlarini shubha ostiga qo‘yish uchun foydalanishlari mumkin”, deb yozadi nashr.
Karimovaga 2023 yilda Shveysariya prokuraturasi tomonidan rasman ayblov qo‘yilgan. Unga ko‘ra, u O‘zbekistonda yirik telekommunikatsiya shartnomalarini taqdim qilish evaziga xalqaro kompaniyalardan millionlab dollar pora olgan. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ish doirasida 985 million AQSH dollariga teng aktivlar – bank hisoblari, mulk, naqd pul va qimmatbaho buyumlar musodara qilingan.
1796 yilda tashkil etilgan va Jenevada joylashgan Lombard Odier banki 2012 yilda o‘zining sobiq xodimiga aloqador shubhali operatsiyalar haqida rasmiylarga xabar bergan. Shu asosda tergov ishlari boshlangan. Bank BMT xulosasiga izoh berishdan bosh tortgan.
BMT ishchi guruhining avval ommaga ma’lum bo‘lmagan xulosasiga ko‘ra, Karimova 2014 yilda O‘zbekistonda ordersiz, o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olingan. U o‘zi yashaydigan uyning oshxonasida shoshilinch ravishda o‘tkazilgan sudda firibgarlik hamda o‘zlashtirish ayblovlari bilan sudlangan.
Karimovaning advokatlari – Greguar Manja va Fanni Margayrazning ta’kidlashicha, BMT xulosasi Shveysariya prokuraturasi uchun jiddiy ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerak. Chunki, ularga ko‘ra, prokuratura o‘z ayblovlarida O‘zbekistondagi “soxta va adolatsiz sud qarorlari”ga tayangan.
2020 yilda u Toshkent yaqinidagi jazoni ijro etish koloniyasiga ko‘chirildi va hozir ham u yerda qolmoqda. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, Karimovaga nisbatan munosabatlar uning erkinlik, adolatli sud va aybsizlik prezumpsiyasi huquqlarini buzgan. Guruh uning aybdorligi yoki aybsizligi masalasiga baho bermagan.
Live
Barchasi