G‘azoda hali-hamon bolalar ocharchilikdan aziyat chekmoqda
Olam
−
12:41 497 2 daqiqa
G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotgan bolalarning ahvoli sulhga qaramay hanuz og‘irligicha qolmoqda. Minglab bolalar to‘yib ovqatlanmaslik sabab shifoxonalarga yotqizilgan. Bu haqda kecha, 9 dekabr kuni BMTga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, G‘azoda to‘yib ovqatlanmaslikka qarshi kurashayotgan eng yirik tashkilot UNICEF oktyabr oyida ikki yillik Isroil-HAMAS urushiga barham berishga qaratilgan kelishuvning birinchi bosqichi kuchga kirganidan so‘ng 9300 nafar bola o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan davolanganini bildirdi.
Bu esa yordam oqimining hanuz yetarli emasligidan dalolat beradi, dedi UNICEF vakili Tess Ingram Jenevada bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida.
“Bu hali ham hayratlanarli darajada yuqori raqam. Davolangan bolalar soni fevral oyiga qaraganda besh baravar ko‘p. Biz bu raqamlar ancha kamayishini kutyapmiz”, dedi u.
Ingram shifoxonaga yotqizilgan, tug‘ilganida 1 kilogrammdan kam vaznga ega chaqaloqlar bilan uchrashganini aytib, ularning har bir nafasi tirik qolish uchun kurash ekanini ta’rifladi.
UNICEF'ga ko‘ra, 10 oktyabrdagi kelishuvdan keyin yordam olib kirish biroz osonlashgan bo‘lsa-da, jiddiy to‘siqlar hali ham mavjud. Yuklarning chegarada kechiktirilishi yoki ortga qaytarilishi, ayrim o‘tish yo‘laklarining yopilishi hamda xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar shular jumlasidandir.
Shuningdek, u G‘azoda tijoriy mahsulotlar, ayniqsa, oziq-ovqat yetishmayotganini, masalan, go‘shtning 1 kilogrammi 20 dollar atrofida bo‘lib, ko‘pchilik oilalar uchun juda qimmatligini aytdi.
Ma’lumot o‘rnida, avgust oyida BMT qo‘llab-quvvatlagan ochlik kuzatuv platformasi ocharchilik sharoitlari yarim millionga yaqin odamga G‘azo aholisining taxminan to‘rtdan bir qismiga ta’sir qilayotganini aniqlagan edi. Mutaxassislar urush davom etar ekan, bolalarda ochlik oqibatlari uzoq muddatli va jiddiy zarar keltirishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo xarobalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. G‘azo sektorining janubidagi Xon Yunus shahrida joriy yilning 2 dekabr kuni BAAning 54 yillik ittifoq kuni munosabati bilan Abu-Dabi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bayramda 54 juftlik uchun ommaviy to‘y bo‘lib o‘tgandi.
Live
Barchasi