“Chegara bilmas muxbirlar” 2025 yilda necha jurnalist o‘ldirilganini ochiqladi
Olam
−
09 dekabr 1087 3 daqiqa
O‘tgan o‘n ikki oy davomida dunyo bo‘ylab 67 jurnalist o‘z kasbiy burchlarini bajarayotib o‘ldirilgan. Ularning aksariyati urushlar yoki jinoiy tarmoqlar qurbonlari bo‘lgan. Bu haqda “Chegara bilmas muxbirlar” inson huquqlari tashkilotining bugun, 9 dekabr kuni chop etilgan matbuot erkinligi bo‘yicha yillik hisobotida keltirilgan.
Shunday qilib, 2024 yilning 1 dekabridan 2025 yilning 1 dekabriga qadar o‘tgan yilning shu davridagidek, taxminan, shuncha jurnalist halok bo‘lgan. O‘ldirilgan 67 jurnalistdan 53 nafari urush yoki jinoiy guruhlar qurboni bo‘lgan.
G‘azo sektori 29 jurnalist halok bo‘lgan eng xavfli hudud bo‘lib qolmoqda. 9 jurnalist o‘ldirilgani bilan Meksika keyingi o‘rinda. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan o‘zini himoya qilishda davom etayotgan Ukraina, shuningdek, Sudan va Suriyadagi jurnalistlar ham ayniqsa yuqori xavf ostida.
Tashkilot hisobotiga ko‘ra, hozirda 62 davlatda 503 jurnalist qamoqda, bu o‘tgan yilgidan biroz pastroq. Eng ko‘p jurnalistlar Xitoy (121), Rossiya (48), Myanma (47), Belarus (33), Vetnam (28) va Ozarbayjonda (25) qamoqda. Rossiyada eng ko‘p hibsga olingan xorijiy jurnalistlarning 26 nafari ukrainalik muxbirlardir. Isroil ikkinchi o‘rinda, u yerda 20 nafar falastinlik jurnalist hibsda.
Dunyo bo‘ylab yana 135 nafar ommaviy axborot vositalari xodimlari bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida, ba’zilari o‘ttiz yildan ortiq vaqtdan beri yo‘qolgan. Bunday holatlar 100 dan ortiq mamlakatlarda qayd etilgan, ammo ularning aksariyati Yaqin Sharq va Lotin Amerikasida. RSF ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyada jurnalistlarning g‘oyib bo‘lish holatlari ayniqsa yuqori darajada qayd etilgan. Rossiyaga qochgan sobiq prezident Bashar Asad davrida g‘oyib bo‘lgan ko‘plab ommaviy axborot vositalari xodimlari bugungi kungacha bedarak yo‘qolgan.
“O‘ldirilgan jurnalistlar sonining ko‘pligi dahshatli. Bu armiyalar, harbiylashtirilgan guruhlar va jinoiy tarmoqlar tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli zo‘ravonliklarning oqibatidir”, deydi RSF rasmiysi Anya Osterxaus.
Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘ldirilgan yoki qamoqqa olingan har bir jurnalist hatto Germaniyada ham ogohlantirish vazifasini o‘taydi.
“Jurnalistlarga hujum qilganlar bizni erkin ma’lumot olish huquqidan mahrum qilmoqda”, deydi u.
Huquq himoyachisi butun dunyo hukumatlarini jurnalistlarni himoya qilish choralarini ko‘rishga chaqirdi.
“Voqealar haqida tanqidiy xabar berganlar o‘z erkinliklari yoki hatto hayotini bag‘ishlashiga to‘g‘ri kelganda, demokratiya butun dunyo bo‘ylab xavf ostida”, deya qo‘shimcha qildi u.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-2025 yillar oralig‘ida dunyo bo‘yicha kamida 1163 jurnalist hibsga olingan, ularning 568 nafari 48 ta mamlakatda hanuz qamoqda saqlanmoqda. Jurnalistlarning deyarli yarmi besh davlat – Belarus, Xitoy, Isroil, Myanma va Rossiya Federatsiyasida qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish butun dunyoda 2023 yilning avgustidan joriy yilning may oyigacha necha jurnalist o‘ldirilganini ochiqlagandi.
Live
Barchasi