Sud Trampning bojlarini noqonuniy deb topdi
Olam
−
29 may 2713 3 daqiqa
Kecha, 28 may kuni kuni AQSH Xalqaro savdo sudi AQSH Prezidenti Donald Trampning Xitoy va boshqa AQSH savdo hamkorlariga nisbatan eng yuqori boj to‘lovlaridan ba’zilarini joriy etishini to‘xtatdi. Bu haqda “Thye New York Times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, sud qarorida federal qonun Prezidentga deyarli har bir davlatdan olib kirilayotgan import tovarlariga boj solish bo‘yicha “cheksiz vakolat” bermasligi belgilab qo‘yilgan.
Nashrga ko‘ra, mazkur qaror Tramp uchun dastlabki, ammo muhim darajadagi huquqiy mag‘lubiyat hisoblanadi va qaror boshqa davlatlarga bosim o‘tkazib, AQSH foydasiga qulayroq savdo bitimlarni tuzishga undashda Prezidentning asosiy qurollaridan birini susaytiradi.
Tramp prezidentlikka kirishguniga qadar hech bir davlat rahbari 1977 yilda qabul qilingan “Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risida”gi qonunga asoslanib, boshqa mamlakatlarga boj joriy qilishga urinmagan. Ushbu qonun asosan savdo taqiqi va sanksiyalar bilan bog‘liq bo‘lib, hatto unda boj to‘lovlari umuman tilga olinmagan.
Ammo Tramp ushbu qonunni yangicha tarzda talqin qilib, joriy yilning aprel oyida ko‘plab davlatlarga nisbatan yuqori boj stavkalarini e’lon qilgandi. Keyinchalik ularni vaqtincha to‘xtatgandi. U, shuningdek, Kanada va Meksikadan import qilinadigan mahsulotlarga ham shu qonunga tayanib boj qo‘llagan. Bunga sabab sifatida esa ularning AQSHga sintetik narkotik modda yuborilishida aybdor ekanini ko‘rsatgandi.
Kecha, 28 may kuni bu kabi masalalarni ko‘rib chiqishga mas’ul bo‘lgan asosiy federal organ – Xalqaro savdo sudi Tramp joriy qilgan boj to‘lovlari “Favqulodda vakolatlar to‘g‘risida”gi qonunda Prezidentga berilgan vakolatlardan oshib ketganini aniqlagan.
Shtatlar va korxonalar tomonidan alohida ko‘tarilgan da’volar bo‘yicha qaror chiqargan ikki partiyaviy uch sudyadan iborat hay’at Trampning ko‘plab boj to‘lovlarini noqonuniy deb topgan.
Boj yig‘imlari aniq qachon va qanday to‘xtatilishi esa hozircha noma’lum. Sud ijro etuvchi hokimiyatga bu bojlarni bekor qilish bo‘yicha byurokratik jarayonlarni yakunlash uchun 10 kungacha muhlat bergan. Tramp ma’muriyati esa zudlik bilan bu qaror ustidan AQSH Federal apellyatsiya sudiga shikoyat kiritish rejasini e’lon qilgan.
Bu qaror Tramp ma’muriyatining global savdo bitimlariga erishish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlarini izdan chiqarish xavfini tug‘diradi. Chunki Prezident Kongress roziligisiz joriy etilgan cheksiz boj to‘lovlari tahdidini taxminan 18 ta davlat bilan olib borilayotgan muzokaralarda bosim vositasi sifatida qo‘llayotgan edi.
Mazkur qaror Tramp ma’muriyati tomonidan boshqa huquqiy asoslar bilan joriy etilgan boj to‘lovlariga taalluqli emas. Po‘lat, alyuminiy, avtomobillar, shuningdek, farmatsevtika, yarimo‘tkazgichlar va boshqa muhim mahsulotlarga nisbatan joriy qilishni tahdid qilgan bojlarga bu qaror ta’sir qilmaydi.
Oq uy vakili Kush Desai sudni keskin tanqid qilib, milliy favqulodda vaziyatga qanday javob berishni saylanmagan sudyalar hal qilmasligini aytgan. U, shuningdek, Tramp bu inqirozni hal etish uchun ijro hokimiyatiga tegishli barcha vositalardan foydalanishini qo‘shimcha qilgan.
“Adolatsiz savdo aloqalari Amerika jamiyatlarini vayron qildi, ishchilarimizni chetda qoldirdi va mudofaa sanoat bazamizni zaiflashtirdi. Sud bu faktlarga e’tiroz bildirgani yo‘q”, deya bayonot bergan Desai.
Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Oq uy 185 davlatdan import qilinadigan mahsulotlarga yangi tarif tizimini joriy etgandi. Umumiy import boji stavkasi 10 foizni tashkil qiladi, ayrim mamlakatlar uchun esa yanada yuqori bo‘ladi. Bu yagona tarif tizimi 5 apreldan kuchga kirdi. Yaponiyaga nisbatan esa qo‘shimcha 24 foizlik tarif belgilangani aytilgan.
Biroq AQSH hukumati muzokaralar o‘tkazish uchun 90 kunlik kechiktirish muddatini ham belgilagan. Shunga qaramay, Vashington allaqachon avtomobillar va ehtiyot qismlar uchun 25 foizlik boj stavkasini amaliyotga joriy eta boshladi.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi