iPhone 17 dizaynida katta o‘zgarish bo‘ladi – “Bloomberg”
Texnologiya
−
07 aprel
10038Apple kompaniyasining kelgusi avlod smartfonlari – iPhone 17 seriyasi so‘nggi besh yil ichidagi eng katta dizayn o‘zgarishlariga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, flagman modeli iPhone 17 Pro old tomondan o‘z o‘tmishdoshiga juda o‘xshash bo‘ladi. Bu haqda “Bloomberg” nashri sharhlovchisi Mark Gurman ma’lum qildi.
2020 yildagi iPhone 12 taqdimotidan beri Pro versiyalarining tashqi ko‘rinishi deyarli o‘zgarmagan. iPhone 13 Pro va 14 Pro xuddi shunday dizaynni saqlab qoldi, iPhone 15 Pro esa alyuminiy ramka o‘rniga titan korpus bilan ajralib turdi. Joriy iPhone 16 Pro esa alohida kamera boshqaruv tugmasi va yangi ranglardan tashqari, deyarli o‘zgarishsiz qoldi.
Biroq iPhone 17 seriyasining chiqishi 2020 yildagi 5G qo‘llab-quvvatlovi joriy etilganidan keyingi eng muhim o‘zgarishlarni olib keladi. Apple kam tanilgan Plus versiyasi o‘rniga yangi, juda ingichka Air modelini taqdim etishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Gurmanning ta’kidlashicha, iPhone 17 Pro modeli old tomondan o‘z o‘tmishdoshiga juda o‘xshash bo‘ladi, ammo orqa tomoni butunlay boshqacha ko‘rinishga ega bo‘ladi. Internetda tarqalgan renderlarga ko‘ra, bu modelda avvalgi kvadrat element o‘rniga, orqa panelning deyarli butun kengligini egallaydigan to‘rtburchak shaklidagi kamera moduli bo‘ladi.
Rasmlarda ikki xil rangdagi dizayn ko‘rsatilgan bo‘lib, unda qora optika blogi kumushrang korpus bilan kontrast tashkil etadi. Biroq “Bloomberg” nashrining kompaniyadagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Apple hozircha bunday konsepsiyadan voz kechadi – kamera sohasi korpusning qolgan qismi bilan bir xil rangda bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan Xitoy tovarlariga 34 foizlik boj stavkasi joriy etilishi ortidan asosiy ishlab chiqaruvchi zavodlari ushbu mamlakatda joylashgan Apple’ning aksiyalari tushib ketgani va buning ortidan kompaniya mahsulotlarining narxi oshishi mumkinligi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel
Trenddagilar



