Jinoyatchilar jirkanch ishiga yarasha jazo olishi kerak – Sa’dullayev

Jamiyat

image

O‘zbek mediasida kun mavzusiga aylangan Xorazmdagi 3 nafar bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining amaldorlar tomonida zo‘rlanishi bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Alisher Sa’dullayev chuqur qayg‘uda ekanini bildirdi. Uning qayd etishicha, agentlik holat bo‘yicha o‘rganish ishlarini boshlagan.

“Ularga nisbatan qilingan bu zo‘ravonlik inson qadriga ham, sha’niga ham, umuman, insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi!  Qizlarning ijtimoiylashuvi va huquqiy masalalarda qonunda belgilangan vakolatimiz doirasida yordam beramiz. Jinoyatchilar qilgan bu jirkanch ishiga yarasha jazosini olishi kerak”, deb yozgan u.

Shuningdek, Sa’dullayev mas’ul idora va tashkilotlar zo‘ravonlarga nisbatan adolatli qaror qabul qilinishiga umid bog‘lagan. 

Eslatib o‘tamiz, Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (3 nafar qiz) 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan zo‘rlab kelingan.  Ularga nisbatan 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Keyinchalik Adliya vazirligi holatga munosabat bildirib, xodimning  ishdan olingani, endilikda vazirlikka aloqasi yo‘q ekanini ma’lum qildi. FVV ham o‘z xodimi o‘tgan yili tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda egallab turgan lavozimidan ozod etilganini aytib chiqdi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash vaqti kelgani haqida ma’lum qildi. Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva ushbu holatni “xavotirli” deb atab, Bosh prokuratura sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Alisher Sa'dullaev amaldorlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing