O‘zbekistonda “Dok-1 Maks”dan jami 65 nafar bola o‘lgan – Oliy sud

3-sahifa

image

O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” dori vositasi sabab jami 65 nafar bola vafot etgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra sodir etilgan jinoyatlarda umumiy hisobda 21 kishi ayblanmoqda.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar sudining ish yurituviga 1972 yilda Hindiston Respublikasida tug‘ilgan, “Quramax Medikal” MCHJ direktori S.R.P. hamda 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, bir vaqtda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan S.K.ga oid jinoyat ishi kelib tushgan. Shuningdek, mazkur jinoyatga doir yana 19 nafar “Quramax Medikal” MCHJ va “Dori vositalari” DUK mas’ul xodimlariga jinoyat ishi ochilgan.

“Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan”, degan Aziz Obidov.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining jami 11 moddasida nazarda tutilgan ayblovlar qo‘yilgan. Bular:

1.  184-modda – soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;
2.  28-modda – jinoyat ishtirokchilarining turlari;
3.  186-3-modda – Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish;
4.  25-modda – jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish;
5.  205-modda – hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
6.  207-modda – mansabga sovuqqonlik bilan qarash; 
7.  209-modda – mansab soxtakorligi;
8.  210-modda –pora olish;
9.  211-modda – pora berish;
10.   212-modda – pora olish-berishda vositachilik qilish;
11.   228-modda – hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

"Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra sodir etilgan jinoyatlar oqibatida 65 nafar yosh bola vafot etgan", deyiladi Oliy sud xabarida.

Ma’lumot uchun, Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonda 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Keyinroq kompaniya dori vositalari ishlab chiqarishda sanoat darajasida ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan  “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib, yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi. 

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.

2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Dok-1 Maks sirop toksinlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing