Ommaga ko‘ringan Berdimuhamedov, vafot etgan Prezident, hisobni tenglashtirgan Ukraina va boshqa xabarlar

Jamiyat

Yakuniga yetayotgan 25 iyulning eng muhim voqealarining qisqacha tafsiloti.

TIV Koreyada hibslangan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi

Koreya Respublikasida ko‘p miqdorda velosiped o‘g‘irlashda ayblangan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi Elchixonasining konsullik bo‘limi o‘zbekistonliklarning velosipedlar o‘g‘irlagani va Chonju shahri politsiyasi tomonidan qo‘lga olingani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqladi.

“Bochka” oldida nega tirbandliklar yuzaga kelyapti?

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yo‘lda tirbandliklar yuzaga kelayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, tuman hududidan o‘tgan 4R12 “Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorbog‘” avtomobil yo‘lining 74 kmda joylashgan Xo‘jakent qishlog‘i umumiy ovqatlanish shaxobchalari (Bochka) oldida eski ko‘prikni zamonaviy yo‘l infratuzilmasiga aylantirish, kengaytirish, ta’mirlash hamda qo‘shimcha aylanma yo‘llar qurish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda ayrim xodimlarning ish haqi oshadi

2019 yilning 1 avgust kunidan O‘zbekistonda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ayrim xodimlarining ish haqi oshadi. Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra vazirlik boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlarini bir yarim baravar miqdorida qo‘llanadi.

Kuch ishlatar tizimlar “maxsus operatsiya” o‘tkazdi (video)

Joriy yilning 23-24 iyul kunlari ilk marotaba Markaziy harbiy okrugiga qarashli Navoiy garnizonida Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda tungi mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov rahbarligida o‘tkazilgan tungi amaliy mashg‘ulotlarda Navoiy shahri xavfsizligi uchun mas’ul vazirliklarning maxsus va tezkor bo‘linmalar jalb etildi.

Kaspiy dengiziga Mig-29 harbiy samolyoti quladi

Ozarbayjon Qurolli Kuchlariga tegishli MiG-29 samolyoti Kaspiy dengiziga quladi.  Baxtsiz hodisa kecha, 24 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da yuz berdi. Ozarbayjon Harbiy havo kuchlariga tegishli samolyot Kaspiy dengizi ustida mashq qilayotgan bo‘lgan va kutilmaganda radarda ko‘rinmay qolgan. Samolyotning halokatga uchrab, dengizga qulashi versiyasi dastlabki taxmin sifatida ko‘rilyapti.

Shahar hokimi vazir o‘rinbosari bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kecha, 24 iyuldagi qarori bilan O‘ktamjon Dehqonboyevich Karimov O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bu lavozimda “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Umid Salimovning o‘rnini egalladi.

Mirziyoyevning maslahatchilaridan biri o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ayyubovich G‘ulomov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Ravshan G‘ulomov Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

4 nafar o‘zbekistonlikni qul qilgan ona-bola qo‘lga olindi

Rossiyaning Moskva viloyatida yashovchi tojikistonlik ona va bola to‘rt nafar o‘zbekistonlikni qul qilib olgani aniqlandi. Ona-bola o‘zbekiston fuqarolarini o‘z dalasida ishlashga majburlagan. Voqea Serpuxov tumanida sodir bo‘lgan. 29 yoshli yigit O‘zbekistondan 4 nafar erkakni olib kelgan. U 15 kunlik mehnat uchun 250 dollardan pul to‘lashni va’da qilgan. Biroq va’dasini bajarmagan. Bu ham yetmaganiga ularning pasportlarini ham olib qo‘yishgan.

Tunis Prezidenti vafot etdi

Bugun, 25 iyul kuni Tunis Prezidenti Al-Baji Gaid as-Sebsi mamlakat poytaxtidagi harbiy gospitalda vafot etdi. Bu haqda Prezident ma’muriyati bayonotida ma’lum qilindi.

Siyosatchi 92 yoshda bo‘lgan.

Masjidlar eshigi tagida nega Ichki ishlar xodimlari turadi?

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 2 mingdan ortiq jome masjidlarigi kiraverishda Ichki ishlar organi xodimlariga ko‘zimiz tushadi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda, xalqaro ommaviy axborot vositalarida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ladi. Mazkur holatni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimov o‘zi bilan o‘tkazilgan suhbatda izohladi. 

Hisob 1-1: Ukraina rus tankerini qo‘lga oldi

Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) NEYMA rus tankerini qo‘lga oldi. Qayd etilishicha, tanker Kerch bo‘g‘ozida ukrain kemalari bloklab qo‘yilgani uchun qo‘lga olingan.

Berdimuhamedov tirikligini ko‘rsatdi, ammo sochlari...

Bundan bir necha kun avval, Turkmaniston Respublikasining amaldagi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. 5 iyuldan buyon omma qarshisida ko‘rinish bermayotgan davlat rahbari kecha, 24 iyul kuni mahalliy “Altyn Asyr” telekanalida ko‘rsatilgan. E’tiborli jihati shundaki, Gurbanguli Berdimuhamedovning avvalgi tim qora sochlari endi yo‘q. Uning sochlariga yaxshigina oq tushgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

22

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing