Zoyir Mirzayev va Qobil Tursunovga “hayfsan” berildi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 8 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosi bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘tgan yilda kichik biznes sub’ektlariga jami 120 trillion so‘mlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratilgan. Natijada pandemiyadan zarar ko‘rgan 104 mingdan ortiq korxona faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga o‘sdi. Tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga (25,6 trillion so‘m berilgan) o‘sdi.

Joriy yil birinchi choragida 27 mingta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi.

Prezident sohadagi kamchiliklarga to‘xtalib, bu borada Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida ahvol, ayniqsa, og‘ir ekanini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, salohiyati yuqori bo‘lgan Qashqadaryo viloyatida kichik biznes ishlab chiqargan sanoat mahsulotlari hajmi aholi jon boshiga atigi 1,9 million so‘mga to‘g‘ri kelib, bu – respublika ko‘rsatkichidan 2 baravar past (3,5 million so‘m).Qashqadaryoda aholi jon boshiga yillik xizmat ko‘rsatish hajmi 3 million so‘mdan oshmagan yoki boshqalardan 2 baravar kam.

Ushbu viloyatda har ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’ektlari soni atigi 4 ta, ularda ishlovchilar soni 16 nafardan iborat (respublikada har ming aholiga 6 ta tadbirkorlik sub’ekti va ularda ishlovchilar soni 30 tani tashkil qiladi).

Navoiy viloyatidagi 7 mingdan ortiq tadbirkor muammolar yechilmayotgani, ular faoliyatiga to‘sqinliklar bo‘layotgani to‘g‘risida murojaat qilgan. Viloyatdagi jami 10 ta kichik sanoat zonasining 72 gektar yoki 66 foiz yeriga birorta loyiha joylashtirilmagan.

“Bu – hududlar ichida eng salbiy ko‘rsatkich”, dedi Prezident.

Yig‘ilishda o‘rtacha bitta kichik biznes sub’ektidan tushayotgan soliq tushumi Sirdaryo, Buxoro va Surxondaryoda – 40 million so‘mni tashkil qilib, respublika ko‘rsatkichidan 1,5 baravar kamligi qayd etildi.

Davlat tomonidan berilgan har 1 milliard so‘m moliyaviy ko‘mak hisobiga Buxoroda – 35 ta, Andijonda – 27 ta, Surxondaryoda – 23 ta ish o‘rni yaratilgan. Navoiyda – bor-yo‘g‘i 15 ta.

Hududiy dasturlar doirasida 2 mingta loyihaga kredit to‘liq ajratilgan bo‘lsa-da, ular ishga tushmagan. Ularning asosiy qismi Namangan (309 ta), Surxondaryo (293 ta), Qashqadaryo (280 ta), Xorazm (268 ta)ga to‘g‘ri keladi.

Bu viloyat, tuman (shahar) rahbarlari joylarda kichik biznes vakillari bilan yetarli darajada muloqot qilmayotganidan dalolat berishi qayd etildi.

Yig‘ilishda yuqoridagi kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, soliq boshqarmasi boshlig‘i, markaziy bank boshqarmasi boshlig‘i, Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, markaziy bank boshqarmasi boshlig‘i va soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga, shuningdek, Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov va viloyat prokuroriga “hayfsan” berildi.

Prezident qat’iy ogohlantirish olgan rahbarlar chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, barchasi ishdan ketishini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Zoyir Mirzaev Qobil Tursunov

Baholaganlar

401

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing