Ziroat Mirziyoyeva Albaniya yetakchisining rafiqasi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
16 iyun 7117 1 daqiqa
Bugun, 16 iyun kuni Albaniya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamda Albaniya Respublikasi Birinchi xonimi Armanda Begayning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining rafiqalari O‘zbekiston va Albaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.

Madaniy dastur davomida oliy martabali mehmon o‘zbek amaliy san’ati ustalarining ijod namunalari, jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, qadimiy so‘zana kashtachiligi texnikasi hamda an’anaviy kulolchilik buyumlari bilan tanishgan.

Dasturning yorqin lahzalaridan biri an’anaviy o‘zbek liboslari namoyishi, shuningdek, O‘zbekistonning turli hududlariga xos jihatlarni aks ettirgan “Kelin salom” marosimi taqdimoti bo‘lgan. Oliy martabali mehmon o‘zbek xalqining milliy an’ana va urf-odatlariga samimiy qiziqish bildirib, ularning chuqur tarixiy ildizlari, go‘zalligi va betakrorligini alohida ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 16 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begayni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib olib, shohsupaga taklif qilgan.
Live
Barchasi