“Zirapcha”dagi Xumora ishi: YOI nega Xumora Iminjonovaning sudiga borilmaganini ochiqladi

Jamiyat

image

QALAMPIR.UZ’da “Zirapcha” realiti-shousi ishtirokchilaridan biri Xumora Iminjonova murojaat qilib, sudlangani, ammo sudda kafil o‘laroq qatnashishni va’da qilgan Yoshlar ittifoqi vakili ishtirok etmagani, shu bois tashkilotdan noroziligi haqida gapirgan edi. Uning aytishicha, Yoshlar ittifoqining huquqshunosi Go‘zal Tursunmetova va’da bergan, biroq bu quruq va’daligacha qolib ketgan va amaliy yordam ko‘rsatilmagan. 

Ushbu aytilgan fikrlar yuzasidan ikkinchi tomon Yoshlar ittifoqidan ham munosabat bildirildi. Unda shunday deyilgan: 

Maqolada – “Zirapcha” teleloyihasida ishtirok etgan Yoshlar ittifoqi vakillaridan biri Go‘zal Tursunmetova Xumora Iminjonova tomonidan murojaat etilsa, har qanday yordamga tayyor ekanligi, bunday va’da bir marta berilmaganligi, loyihaning final sonida ham bu masala hal etilgani haqida ta’kidlangan. 
Yoshlar ittifoqi – “Haqiqatan  ham ko‘rsatuv davomida tashkilot vakili tomonidan Xumora Iminjonovaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan Yoshlar masalalari bo‘yicha imzolangan Memorandum bo‘yicha hamda qanday toifadagi yoshlarga “Yoshlar kafilligi” berilishi haqida tushuncha berilgan. Lekin, “QALAMPIR.UZ” sayti ijodkorlari maqolasidan o‘rin olgan videoning 6:22 daqiqasida “Zirapcha” ko‘rsatuvi boshlovchisi tomonidan fuqaroga nisbatan kafillik xati berilganligi haqidagi ma’lumot asosga ega bo‘lmagan bo‘lib, ko‘rsatuv suratga olish jarayonida kafillik xati berilmagan (murojaat o‘rganish holatida bo‘lgan)”. 

Xumora: – “Yoshlar ittifoqidagilar menga va’da bermasa, odamga ishonch bermasdan, bu gapni aytmaganlari yaxshi edi”. 

Yoshlar ittifoqi – “vaziyatni o‘rganish maqsadida Go‘zal Tursunmetova tomonidan  ko‘rsatuvning final qismi suratga olinishidan oldin studiyaning o‘zida Xumora Iminjonova va uning  onasi bilan shaxsan suhbat o‘tkazilgan. 2 soatlik suhbat chog‘ida Xumora Iminjonovaning onasi tomonidan farzandi 15 yoshidan beri surunkali ravishda o‘z turar joyida yashamasligi, uni bironta mahalliy organ nazorat qila olmaganligini, shu sababli qandli diabet kasalligiga chalinganligi, ayni vaqtda jabrlanuvchiga biron so‘m ham mablag‘ to‘lay olmasligini bildirilgan. Shuningdek, Xumora Iminjonova bilan huquqiy psixologik suhbat o‘tkazilganda, fuqaro bu yo‘ldan qaytish niyati yo‘qligi, sud tugagach, baribir onasi bag‘rida yashamasligini bildirgan. Shunga qaramasdan, Xumora Iminjonova huquqiy psixologik treninglarga taklif qilingan”.

Xumora – “23 yanvar kuni sud bo‘ldi. Men Yoshlar ittifoqiga hujjat topshirdim. Ariza berdim. Sud bo‘lganida, borishni va’da qilishdi. Suddan bir kun oldin telefon qildim. Go‘zal opa (Tursunmetova – tahr.) keyingi sud majlisiga kelishini aytdi. Keyingi sud majlisida ham hech kim kelmadi. Ular ko‘rsatuvda ham yordam berishlarini aytgandi, ko‘plab odamlarga yordam berishganini aytishgandi. Yo‘q, menga yordam berishmadi”.

Yoshlar ittifoqi – “Fuqaro Xumora Iminjonova tomonidan tashkilot Yuridik xizmat bo‘limiga 2020 yil 10 yanvarda kafillik so‘rab murojaat qilingan. Mazkur murojaatni o‘rganib chiqish davomida fuqarodan turar joyidan (mahalladan) kafolat xati hamda jabrlanuvchining ayblanuvchiga nisbatan e’tirozi yo‘qligi haqidagi ma’lumotlarni olib kelib taqdim qilishini so‘ralgan va kelib tushgan murojaat tegishliligi doirasida tashkilot muassisligidagi Yosh huquqshunoslar Kengashiga ijro uchun 2020 yil 17 yanvarda 04-13/206-son kuzatuv xati orqali yuborilgan. Mazkur xat Yosh huquqshunoslar Kengashiga 2020 yil 21 yanvar kuni kelib tushgan hamda 02-07/75-sonli xat orqali, Xumora Iminjonovaga bir qator hujjatlarni taqdim qilishni so‘rab xat chiqarilgan. Ammo, fuqaro yuborilgan xatlarga munosabat bildirmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, fuqaro Xumora Iminjonovaga kafillik berilmagan bo‘lib “Zirapcha”dagi Xumora kimdan norozi?”  maqolasidan o‘rin olgan videoning 6:22 daqiqasida ko‘rsatuv boshlovchisi tomonidan fuqaroga nisbatan kafillik xati berilganligi haqidagi ma’lumot asosga ega emas. Qolaversa, tashkilot vakili ko‘rsatuv yakuniy qismi sur’atga olinish jarayonida ishtirok etmagan (sur’atga olish ishlari kech boshlangani sababli studiyani tark etgan)”.


Maqola muallifi

Teglar

Xumora Yoshlar ittifoqi

Baholaganlar

153

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing