Urush arafasida bo‘lgan Venesuela va Gayana yetakchilari uchrashadi
Olam
−
10 dekabr 2023
9386Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning gayanalik mavqedoshi Irfan Ali 14 dekabr kuni o‘z mamlakatlari o‘rtasida neftga boy Essekibo mintaqasi bo‘yicha oshib borayotgan kelishmovchilik yuzasidan uchrashadi. Bu haqda “AFP News” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv Sent-Vinsent va Grenadin orollarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Uchrashuvga Braziliya Prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva ham taklif etilgan.
Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari hamjamiyati raisi Ralf Gonsalveshning ikki yetakchiga yo‘llagan maktubida uchrashuv ushbu tashkilot va boshqa mintaqaviy organ – Karib havzasi hamjamiyati homiyligida o‘tkazilishini bildirgan.
“Zudlik bilan mojaroning keskinlashuvini yumshatish va tegishli muloqotni yuzma-yuz yo‘lga qo‘yish zarur”, degan Gonsalvesh.
Rasmiy natijalarga ko‘ra, Maduro hukumati o‘tgan hafta oxirida munozarali referendum o‘tkazganidan so‘ng, tarixan Gayana nazoratida bo‘lgan Essekibo bo‘yicha ziddiyat kuchayib, urush xavfi tug‘ildi.
Qo‘shma Shtatlar, Buyuk Britaniya, Rossiya va Janubiy Amerika davlatlari vaziyatni yumshatish va tinch yo‘l bilan hal qilishni maslahat berdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi esa 8 dekabr kuni ushbu holat bo‘yicha yopiq yig‘ilish o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela Essekibo mintaqasini mamlakatning 24-shtati deb e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi