Zidan Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyiga aylanadi
Sport
−
15 iyul 2080 2 daqiqa
Fransiyalik mutaxassis Zinedin Zidan 2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng Fransiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanadi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano ma’lum qildi.
Avvalroq, Fransiya terma jamoasi Jahon chempionatining yarim finalida Ispaniyaga 2:0 hisobida mag‘lub bo‘lib, final yo‘llanmasidan mahrum bo‘lgan edi. Endi fransuzlar musobaqada uchinchi o‘rin uchun bahs olib boradi.
Turnir yakunlanganidan so‘ng, 14 yil davomida terma jamoani boshqargan Dide Desham o‘z lavozimini tark etadi.
54 yoshli Zidan murabbiylik faoliyatida so‘nggi marta Madridning “Real” klubini boshqargan. U 2016-2018 va 2019-2021 yillarda “qirollik klubi” rulida turib, jamoa bilan uch marta Chempionlar ligasi, ikki marta Ispaniya chempionati va ikki marta Ispaniya Superkubogida g‘olib chiqqan.
Futbolchilik faoliyati davomida Zidan Fransiyaning “Kan” va “Bordo”, Italiyaning “Yuventus”, shuningdek, Ispaniyaning “Real Madrid” klublari sharafini himoya qilgan. U “Real” bilan 2003 yilda Ispaniya chempioni bo‘lgan, 2002 yilgi Chempionlar ligasi finalida esa Leverkuzenning “Bayer” jamoasiga qarshi uchrashuvda hal qiluvchi golni kiritib, jamoasiga g‘alaba keltirgan. “Yuventus” safida Zidan ikki marta Italiya chempioni bo‘lgan.
Fransiya milliy terma jamoasi tarkibida u 108 ta uchrashuvda maydonga tushib, 31 ta gol urgan va 29 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Zidan 1998 yilgi Jahon chempionati g‘olibi, 2006 yilgi mundial kumush medali sohibi hamda 2000 yilgi Yevropa chempioni hisoblanadi.
Live
Barchasi