Jurnalistning yugurgani tashkilotlarning zirhlangan eshigigachami?

Jamiyat

image

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini haqiqiy ma’noda to‘rtinchi hokimiyat darajasiga chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda ortga qaytish bo‘lmasligi bot-bot takrorlanmoqda.

Ma’lumki, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi negizida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari, jurnalistlarining vakolat va imkoniyatlari kengaytirildi, qonunchilikni mustahkamlash, mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi ishlar davom ettirilmoqda. Davlat tashkilotlari matbuot kotiblarining mavqei oshirilib, axborot makonida ularga qo‘yilayotgan vazifalarga jiddiy e’tibor qaratilgandan buyon davlat tashkilotlaridan axborot, xabarlar, maqola va tanqidiy ko‘rinishdagi materaillarga nisbatan javob olish biroz yengillashdi. Biroq, bu boradagi ishlar hali o‘z iziga tushib ketdi deyish qiyin. 

Bugun, 14 noyabr kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davlat idoralari matbuot kotiblari va ommaviy axborot vositalari rahbarlari o‘rtasida o‘tgan uchrashuvda ham o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, do‘stona muhit yaratish haqida so‘z bordi. Unda agentlik direktori Komiljon Allamjonov, direktor o‘rinbosarlari Dilshod Saidjonov va Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi. 

Uchrashuvda matbuot kotiblarining faoliyatiga, ayniqsa, tanqidiy materiallar, murojaatlarda o‘z vaqtida qanchalik ochiq va oshkora javob berayotgani, ta’sirchan materiallar bilan chiqish qilayotgani tahlil qilindi. Tanqidiy fikrlar bildirildi. Jumladan, AOKA direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva uchrashuv haqida shunday deydi:

“Bugun barcha matbuot kotiblar hamda mamlakat media vakillarini to‘plab, ikki tomonni bir biri bilan yuzlashtirdik.

Tadbirda fikrlar ochiqchasiga gapirildi, o‘rtadagi muammolar muhokama qilindi. Achchiq tanqidlar ham bo‘ldi, to‘plangan dardlar bug‘i chiqarildi. Asosiysi, foydasi sezildi.

Sifatli hamkorlik uchun rosa kerak bunday uchrashuvlar. Bu endi tizimli bo‘ladi. Shu orqali matbuot xizmatlari tomonidan aholiga o‘z vaqtida yangiliklarni berib borilishiga erishamiz, albatta”.

So‘z erkinligi. Bu qonuniy asoslangan fikrni to‘g‘ri va manzilli yetkazish. Ana shundagina u o‘z samarasini beradi. Jurnalistning aytgani idoralarning zirhlangan eshiklari ortida qolib ketishidan bugun na tashkilotlar rahbarlari va na davlat manfaatdor.
 


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov Saida Mirziyoeva Dilshod Saidjonov So'z erkinligi

Baholaganlar

37

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing