Kusherboyev jurnalistlarga tahdid qilganlarga javobgarlikni belgilash yuqoridan keladigan buyruqqa bog‘liqligini aytdi

Jamiyat

image

Jurnalistlar huquqini buzganlar, ularga taqiq qo‘yib, vazifasini bajarishga xalaqit qilganlar uchun jazo Jinoyat kodeksida belgilab qo‘yilishi kerak. Jurnalistlarni himoya qilish haqida qonun bor, lekin qonunni buzganga doir javobgarlik yo‘q. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev joriy yilning 23 sentyabr kuni “O‘zbekistonda jurnalistlarning huquqiy himoyasi: muammo va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida aytib o‘tdi. 

“So‘z erkinligi bilan bog‘liq qonunlar siyosiy xarakterga ega bo‘ladi. Juda ham nozik, sal biron joyiga o‘zgartirish kiritmoqchi bo‘lsangiz, birinchi navbatda xalqaro tashkilotlarning tanqidini tagida qolib ketishingiz mumkin. Ikkinchidan, bu – siyosiy kursni belgilab berish bilan bog‘liq masala. Lekin biz himoya qonunini qabul qildikmi, himoyani buzganga doir javobgarlik masalasini ham Jinoyat kodeksida belgilab qo‘yishimiz shart”, deydi Rasul Kusherboyev.

Shuningdek, deputat jurnalistlarga nisbatan tahdid, ta’qib va faoliyatiga xalaqit berish kabi holatlarni Jinoyat kodeksiga kiritish kerakligini ta’kidladi. 


“To‘g‘ri, davlatimiz rahbari bu kabi holatlarni Ma’muriy kodeksga kiritish masalasini o‘rtaga tashlagan. Lekin bu yerda gap ko‘proq tahririyat ya’ni OAV haqida ketgan. Biroq, aynan jurnalistik kasb nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, ta’qib qilganlik, tazyiq o‘tkazganlik kabi masalalarni Jinoyat kodeksi darajasiga kiritishimiz kerak.

Hozir biz bir nechta qonun loyihasini ishlab chiqqanmiz. Shaxsan menda ham bor. Biz endi ularni birlashtirib, yilni oxirigacha muhokamaga olib kiramiz. Balki, yuqori darajada tezlashtirish haqida topshiriq bo‘lib qolar. Agar yuqoridan “tezlashtirish” haqida buyruq kelsa, yanada tezlashib ketar”, deydi Rasul Kusherboyev.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev jurnalist Jurnalistlar huquqi himoya qonunini

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing