Jurnalist va sobiq hokim Nazirjon Saidov vafot etdi
Jamiyat
−
28 iyun
9691Andijon viloyatidagi Oltinko‘l tumanining sobiq hokimi, jurnalist Nazirjon Saidov vafot etdi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Nazirjon Saidov 1948 yilda Oltinko‘l tumanida tug‘ilgan. 1979 yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1970 yilda Andijon tuman ijroiya qo‘mitasi muassisligidagi “Kommunizm tongi” (hozirda “Andijon tongi”) gazetasida katta adabiy xodim sifatida o‘z ijodiy faoliyatini boshlagan. Turli vaqtlarda muxbir, bo‘lim mudiri va muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Nazirjon Saidov 1990-1993 yillarda Oltinko‘l tuman hokimi, 1993-1999 yillarda Andijon viloyat hokimining o‘rinbosari, kotibiyat mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2008-2021 yillarda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari sifatida ish olib borgan.
“Marhum Nazirjon ota “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvonlariga musharraf bo‘lishga hamda viloyatimiz taraqqiyoti uchun samarali mehnat yo‘lini bosib o‘tishga erishgan”, deyilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, u 2001 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 2019 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.