Jurnalist Shuhrat Bobojonov O‘zbekistonga qaytib, zamon o‘zgarganini aytdi (video)

Jamiyat

20 yil avval O‘zbekistondan chiqib ketgan, ko‘p yillar davomida "Ozodlik" nashrida faoliyat yuritgan jurnalist Shuhrat Bobojonov Vatanga qaytdi. U 20 yildan keyingi o‘zgarishlar, Prezident Mirziyoyev Hukumatidagi insoniy issiqlik haqida intervyu berdi. 

"Taassurotlar mukammal. 20 yil bo‘ldi kelganimga. Aeroportdan chiqishim bilan insoniy issiqlikni, insoniy haroratni sezdim", deydi Shuhrat Bobojonov. 

Xorijiy matbuotda asosan O‘zbekiston Hukumati va siyosiy elita haqidagi tanqidiy chiqishlari bilan tilga tushgan jurnalist bu kunlarni, ayniqsa, onasi ko‘p kutganini aytadi:

"Ma’lum bir sabablarga ko‘ra 20 yil ayrildik. Kelgach, onam bilan ko‘rishdim. Onam Yevropaga ham kelgandilar. Ular meni O‘zbekistonda ko‘rishni istadilar. Onam bugun ming kilometr yo‘l bosib, Xorazmdan Toshkentdagi uyimizga keldi.  "Haligacha o‘zimga kelolmayman", deydilar. Yozda kelishim haqida aytganimda, "koshki otang ko‘rsa edi", degandi. Otam kelishimni kutib, o‘tib ketdi. Xudo xohlasa Xorazmga borib, u kishining qabrini ziyorat qilish ikkinchi vazifamiz". 

Ayni vaqtda Toshkentda o‘tayotgan badiiy asarlar ko‘rgazmasida Shuhrat Bobojonov qalamiga mansub rasmlar ham namoyish etilmoqda. U bu haqda gapirarkan, bu o‘zgarishlar natijasi ekanini aytadi. 

"O‘zbeklarda bir gap bor: zamon ko‘tarsa, falon qilardim. Demak, zamon ko‘taryaptiki, men ko‘rgazma qilyapman. Zamon o‘zgardi", deydi Bobojonov. 

Bobojonovga ko‘ra, O‘zbekistondagi bugungi o‘zgarishlar bir shaxs, Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan bog‘liq. Eslashicha, jurnalist Prezident Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifini yoritish uchun borgan. O‘shanda jurnalistlar va vatondoshlar qarshisiga chiqqan Prezident Bobojonovni O‘zbekistonga taklif qilgan. Jurnalist aynan Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zidagi qat’iyatga ishonib, O‘zbekistonga qaytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

391

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing